10-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan energiya resurslaridan samarali foydalanishga doir yig‘ilishda elektr energiyasini ishlab chiqarishni ko‘paytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Sherzod Asadovning yozishicha, barcha generatsiya manbalari hisobidan joriy yilda 4 gigavattlik elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan — 11 ta quyosh va 3 ta shamol stansiyasi shular jumlasidan.

Bundan tashqari, 850 kilometr magistral tarmoq va 9 ta podstansiya kapital ta’mirlanadi, 595 kilometr elektr tarmog‘i va 4 ta yangi podstansiya ishga tushiriladi.

Prezident IESlar barqaror ishlashi zarurligini, aholi va ijtimoiy soha ehtiyojlari uchun joriy yilda ko‘mir qazib chiqarishni yanada ko‘paytirish va bu borada 8 million tonnalik ko‘rsatkichga intilish kerakligini qayd etdi.

Xabarda aytilishicha, mazut va ko‘mir ikki yilga bojdan ozod qilinadi. Ko‘mir importi uchun uch yil muddatga revolver kreditlar beriladi.

Mutasaddilar va hokimlar oldiga yaqin muddatda aholi va ijtimoiy soha uchun 1 million 200 ming tonna, yil yakunigacha yana shuncha ko‘mir yetkazib berish, 1-oktabrgacha 600 ming tonna ko‘mir va 350 ming tonna mazut zaxirasini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Iqtisodiy lug‘atlarda izohlanishicha, revolver kredit — milliy va jahon moliya bozorlarida eng keng tarqalgan hamda tiklanib turadigan kredit turi hisoblanadi. U bu borada bank bilan bitim tuzganlarga qo‘shimcha muzokaralarsiz, kelishilgan qarz limiti doirasida va to‘lov muddatlarida avtomatik tarzda beriladi. Ya’ni mijoz tuzilgan shartnoma asosida bank limiti doirasidagi kredit miqdoridan foydalanadi va u qaytarilishi bilan shu summadagi yangi qarzni oladi.