Toshkent shahri Yashnobod tumanida 7-iyun kuni odam o‘limi bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deb xabar berdi poytaxt YHXB matbuot xizmati.

YTH soat 13:30 da Elbek ko‘chasida yuz bergan. 26 yoshli Lacetti haydovchisi yo‘l chetidagi daraxtga borib urilgan va jarohatlari tufayli voqea joyida halok bo‘lgan. Avtomobil butunlay vayron bo‘lgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.