6-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdog‘an raisligida O‘zbekiston-Turkiya oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

“Strategik hamkorlik kengashining tashkil etilishi O‘zbekiston-Turkiya munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi va sheriklikning barcha sohalarida yanada rivojlanishga kuchli sur’at bag‘ishladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xabarda aytilishicha, so‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi 1,5 barobarga, qo‘shma korxonalar soni 2 barobarga, O‘zbekiston iqtisodiyotiga turk investitsiyalari hajmi 2,5 barobarga oshgan. Ikki davlatning yirik shaharlari o‘rtasida haftasiga 90 ta parvoz amalga oshirilmoqda, Turkiyadan kelayotgan turistlar oqimi 3 barobarga ko‘paygan.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda Cengiz Holding, Aksa Energy, Çalık Holding, Akay Inşaat, Anadolu Group, Özgüven, Eczacıbaşı Holding kabi yetakchi turk kompaniyalari tomonidan 100 dan ortiq loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Bu galgi tashrif doirasida 10 milliard dollarlik yangi investitsiya loyihalari portfeli shakllantirildi, deyiladi xabarda. Bundan tashqari, yaqin kelajakda ikki tomonlama savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Tomonlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va birgalikda uchinchi davlatlar bozorlariga chiqish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida bojxona tariflarini pasaytirish, Istanbul shahrida O‘zbekiston savdo vakolatxonasini ochish zarurligi qayd etildi.

O‘zbekiston rahbari qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish va tibbiyot klasterlarini tashkil etish sohalarida Turkiyaning ilg‘or tajribasi va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etishga talab borligiga e’tibor qaratdi.

“Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi ikki mamlakatning transport-logistika salohiyatini oshirish, shu jumladan, O‘rta koridor imkoniyatlaridan samarali foydalanishdir”, — deyiladi xabarda.

Davlatlar rahbarlari oliy, professional va texnik ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish, teatr festivallari, madaniyat haftaliklarini o‘tkazish, birgalikda tarixiy filmlar suratga olish va madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikr almashdi.

Shu o‘rinda hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini chuqurlashtirishga qaratilgan deklaratsiya qabul qilinmoqda, O‘zbekiston-Turkiya Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi. Prezidentlar bu ishlarni olqishlab, yig‘ilish yakunlari bo‘yicha hukumatlarga qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi"ni tasdiqlashni topshirdi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Rajab Toyyib Erdog‘anni kengashning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif qildi.