Tailand 1-iyundan O‘zbekiston uchun vizasiz rejim joriy qilayotgani haqida yozgandik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burxanov bu bo‘yicha Tailand tomoni hozircha rasman hech qanday ma’lumot e’lon qilgani yo‘qligini ma’lum qildi.

“29-may kuni Tailand ommaviy axborot vositalarida mamlakat iqtisodiyotini rag‘batlantirish maqsadida hukumat viza qoidalarini yumshatishni o‘z ichiga olgan iqtisodiy rag‘batlantirish rejasini e’lon qilgani to‘g‘risida axborot tarqatildi. Unga ko‘ra, Tailandga 60 kungacha vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar soni amaldagi 57 tadan 93 taga ko‘payadi, 36 ta yangi davlatlar qatoriga O‘zbekiston ham kiritilgan”, — deyiladi TIV xabarida.

Ta’kidlanishicha, ushbu masala bo‘yicha mamlakatning Bangkokdagi bosh konsulxonasi Tailand Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘langan. Tailand TIV konsullik departamenti ma’lumotiga ko‘ra, viza rejimining uzaytirilishi to‘g‘risida hozircha rasman hech qanday ma’lumot e’lon qilingani yo‘q.

“Tailand TIV mintaqaviy boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha hukumat qarori mavjud va bu bo‘yicha konsullik departamenti tomonidan Tailandning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga tegishli yo‘riqnoma yuboriladi va TIV saytida rasmiy ma’lumot chop etiladi”, — deya qayd etildi TIV xabarida.

“Bir tomonlama joriy etilayotgan viza rejimini soddalashtirish tartibi ma’lum muddatdan so‘ng bekor qilinishi mumkin”, — deb yozdi Axror Burxanov.

O‘zbekiston TIV Tailand tomonidan rasmiy nota olinishi bilan qo‘shimcha xabar berilishini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq yangi o‘zgarish bilan, tashrif buyuruvchilarning qolish muddati 60 kungacha uzayishi, bundan tashqari, ishlash va ziyorat turizmini xohlovchilar 180 kungacha bo‘lgan muddatga amal qiladigan besh yillik vizalarni olishlari mumkinligi ma’lum qilingandi.

Qayd etilishicha, oliy ta’lim maqsadida kelgan chet ellik talabalar o‘qishni tugatgandan so‘ng darhol mamlakatni tark etishlari shart emas, balki bir yil davomida qolishlari mumkin.

Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Tailandga yetib borgandan so‘ng 30 kun qolish sharti bilan viza olishlari kerak.