6-iyun kuni Anqara shahrida prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdog‘an raisligida O‘zbekiston-Turkiya Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati.

O‘zbekiston tomonidan tadbirda Global Textile, ProCab, Agromir Group, ERIELL Group, Akfa Holding, Murad Buildings, SAG, BMB Holding, Uzbekistan Hydrogen kompaniyalari ishtirok etdi.

Turkiya tomonidan esa Çalık, Cengiz, Acibadem, Eczacıbaşı, Anadolu Group, Aksa Energy, Zorlu, Kalyon, Onur Group kabi xolding kompaniyalari qatnashdi.

Prezidentlar yuzaga keladigan barcha masalalarni tezkor hal etish va kelgusidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ilgari surish maqsadida kengash yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib turish zarurligini qayd etdi.

O‘zbekiston rahbari hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab, eng avvalo, investitsiyaviy sheriklik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishni taklif etdi.

Tomonlar O‘zbekiston-Turkiya sanoat klasterini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishdi. Ushbu sanoat zonasi ikki mamlakat o‘rtasida amaliy hamkorlikning lokomotiviga aylanadi, deyiladi xabarda.

Kengash uchrashuvida konchilik sanoatida hamkorlik qilish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Turkiyaning yirik kon-geologiya kompaniyalari bilan foydali qazilmalarni o‘rganish va qazib olish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan.

Turkiya prezidenti, o‘z navbatida, mamlakat O‘zbekiston bilan barcha sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlashga intilishini bildirdi.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, u ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini ta’kidlab, kengash ishtirokchilarini savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash maqsadida konstruktiv muloqotga chaqirdi.

Fikr almashish davomida turk ishbilarmon doiralari vakillari “O‘zbekistonda olib borilayotgan ortga qaytmas islohotlar natijasida paydo bo‘lgan imkoniyatlar”ni yuqori baholadi, deyiladi xabarda. Aytilishicha, bu islohotlar Turkiya biznesining uzoq muddatli rejalarini amalga oshirish uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.

Davlat rahbarlari tadbirkorlarga birgalikda ishlashga tayyorligi uchun samimiy minnatdorlik bildirib, mas’ul rahbarlarga ishbilarmonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.