O‘zbekistonda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tashkil etiladi. Bu prezidentning “Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish hamda ularning noqonuniy aylanmasining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Farmonga ko‘ra, inspeksiya Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshida ochiladi.

Iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va realizatsiya qilish hamda ushbu jarayonlar ustidan nazoratni ta’minlash bo‘yicha yagona davlat siyosatini yuritishda ishtirok etish inspeksiyaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

2024-yil 1-oktabrdan iste’mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari joriy etiladi:

  • yillik litsenziya to‘lovlarini, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarga rioya qilish;
  • alkogol mahsulotlari ishlab chiqarishda va ularning savdosida sifat talablariga, shuningdek, aksiz markalarini qo‘llash hamda identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tartiblariga rioya etish;
  • alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini monitoring va nazorat qilish imkonini beruvchi videokuzatuv vositalarini o‘rnatish.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil avgustdan alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilgandi. Eski namunadagi aksiz markalaridagi mahsulotlarni 5 oy mobaynida sotishga ruxsat berilgan. 2024-yil 1-noyabrdan esa eski namunadagi aksiz markasidagi mahsulotlar savdosiga qarshi kurashish boshlanishi xabar qilingandi.