Hindistonda bosh vazir Narendra Modi boshchiligidagi hukmron millatchi “Bharatiya janata partiyasi” (BJP) yangi parlament tarkibida ustunlikni qo‘lga kirita olmadi, deb yozmoqda Guardian.

Saylovlar natijasida BJP 62 ta o‘rin yo‘qotgan holda 240 o‘ringa ega chiqdi. Parlamentda ustunlikni qo‘lga kiritish uchun zarur bo‘lgan chegara — 272 o‘rin. Saylov kampaniyasi boshida Modi o‘z oldiga katta maqsad qo‘ygandi — 400 o‘rinni qo‘lga kiritish, shundan 370 ta o‘rinni bevosita uning partiyasi nazorat qilishi kerak edi.

Bu holat Modini 2014-yilda hokimiyatga kelganidan beri birinchi marta “Milliy demokratik alyans” (MDA) koalitsiyasidagi hamkorlari bilan muzokaralar olib borishga majbur qiladi. Ular birgalikda parlamentdagi 543 o‘rindan 292 tasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Bu ularga keyingi besh yil davomida koalitsion hukumat tuzish va Modini uchinchi muddatga bosh vazir lavozimiga qaytarish imkonini beradi.

BJP va Modining asosiy raqibi — “Hindiston milliy kongressi” (HMK) — boshchiligidagi INDIA muxolifat bloki 230 dan ortiq o‘rinni qo‘lga kiritdi. Saylov arafasida hukmron partiyaga qarshi chiqish uchun yigirmadan ortiq partiya HMKga qo‘shildi.

HMK rahbari Rahul Gandi — Hindiston sobiq bosh vaziri Rajiv Gandining (1984-yildan 1989-yilgacha) o‘g‘li va mamlakatda nufuzli bo‘lgan Neru-Gandi siyosiy klani vakili.

So‘nggi 15 yildagi eng yomon natijaga qaramay, Modi MDA g‘alabasini “tarixiy yutuq” deb atadi va o‘z ishini davom ettirishga va’da berdi.

Hindiston parlamentining quyi palatasiga saylovlar 19-aprelda boshlandi va dunyodagi eng yirik saylovlarga aylandi. Ularda 640 milliondan ortiq kishi ishtirok etdi. Ovoz berish olti hafta davomida yetti bosqichda bo‘lib o‘tdi va 1-iyun kuni yakunlandi.

Nima uchun BJP yomon natija ko‘rsatdi?

Ijtimoiy so‘rovnomalar hukmron partiyaning mutlaq g‘alabasini prognoz qilgan edi, biroq muxolifat kutilganidan ancha muvaffaqiyatli chiqdi. BBC`ning ta’kidlashicha, tahlilchilar BJP muvaffaqiyatsizligini narxlar oshishi, yuqori ishsizlik va armiyaning ziddiyatli islohoti bilan bog‘lamoqda. Yana bir sabab — Modining agressiv kampaniyasi, u jarayon davomida muxolifat va musulmonlarga nisbatan bir qator noxush bayonotlar berdi. Bu Hindistonning ayrim hududlarida saylovchilar fikrini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin.

Rahul Gandi boshchiligidagi muxolifat cheklangan resurslar va hokimiyat bosimiga qaramay, kuchli kampaniya olib bordi. Uning bir qancha taniqli arboblari, jumladan, Dehli bosh vaziri va “Am Admi partiyasi” rahbari Arvind Kejrival hibsga olingan yoki tergov ostida bo‘lgan, soliq idoralari HMKning bank hisoblarini muzlatib qo‘ygan.

HMK, shuningdek, Hindistonda o‘sib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlikka e’tibor qaratdi va, agar g‘alaba qozonsa, aholini kastalarga asoslangan holda ro‘yxatga olishga va’da berdi.

“Biz muxolifat bloki kutilganidan ko‘ra siyosiy va ziyrak chiqqani uchun qoyil qolishimiz kerak. Ko‘pchilik muxolifat o‘lishiga qo‘yib berdi va u so‘nggi bir necha yil ichida BJPning iqtisodiy stress yoki hind millatchiligiga qarshilik kabi bir qator zaifliklaridan foydalanishini kutmagan edi”, — ta’kidladi Janubiy Osiyo instituti (AQSh) direktori Maykl Kugelman Guardian nashriga bergan izohida.

Tahlilchilarning fikricha, saylov natijalari Hindiston siyosiy manzarasiga katta ta’sir ko‘rsatadi. “Bu saylov emas, balki o‘ziga xos siyosiy zilzila”, — dedi Bloomberg`ga Observer tadqiqot fondi katta ilmiy xodimi Niranjan Saxu. Bosh vazir o‘z lavozimida qolsa ham, uning pozitsiyasi sezilarli darajada zaiflashadi va “avvalgi Modi bo‘lmaydi”, deya qo‘shimcha qildi ekspert.