Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-iyun kuni Buxoro viloyatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyatda yangi aeroport qurilishi haqida fikr bildirdi.

“Buxoro aeroporti turistlar oqimini 2 baravar oshirish rejamizga kichiklik qilyapti. U yiliga 1 million yo‘lovchini qabul qiladi — bu juda kam. Kecha Buxoro tumanida hozirgidan uch baravar ko‘p quvvatga ega 226 million dollarlik yangi, zamonaviy xalqaro aeroport qurishga start berdik. Quruvchilarga hamma sharoitini yaratib, pullarni ham topishga harakat qildik. Sifat va muddatini kelishib oldik”, — dedi davlat rahbari.

“Buxoroga haftasiga kamida 100 ta reys kelishi kerak. Shuni qilsak, o‘ylaymanki, xalqimiz ham, mehmonlar ham rozi bo‘ladi. Eng katta narsa — odamlarimiz daromadli bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Prezident Farg‘ona vodiysi hududlarida 11 mln aholi istiqomat qilayotgani ichki turizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyat ekanini ta’kidladi. U transport vaziri Ilhom Mahkamovga bir oy muddatda Farg‘ona vodiysidan Buxoroga haftasiga uch marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.

2023-yilda Buxoroga 1,4 mlnga yaqin xorijiy sayyoh kelgan. Viloyatda yiliga 5 mln xorijiy sayyohni jalb etish uchun sharoit yaratilmoqda. Shu maqsadda shahar markazida “Boqiy Buxoro” madaniy-etnografik bog‘i va yangi aeroport qurilishi boshlandi.

Yangi aeroport xususiy sheriklik shartlari asosida quriladi. 226 mln dollarlik loyiha “jahon standartlariga mos aeroport infratuzilmasini tashkil etadi”. Soatiga 1200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish uchun sharoitlar yaratiladi. Yo‘lovchi va havo kemalariga servis sifatini oshirish orqali yangi xalqaro aviakompaniyalar jalb qilinadi.

2022-yilda prezidentga taqdim etilgan Buxoro aeroportining yangi terminali loyihasi.2022-yilda prezidentga taqdim etilgan Buxoro aeroportining yangi terminali loyihasi.

2022-yilning aprel oyida prezidentga Buxoro ayeroportida davlat-xususiy sheriklik asosida yangi xalqaro yo‘lovchi terminalini qurish loyihasi taqdim etilgandi. Xususiy sherikni tender orqali tanlash rejalashtirilgandi (2023-yil kuzida). Investitsiya hajmi 136 mln dollarni tashkil qilishi, loyihani 2022−2024-yillarda amalga oshirish ko‘zda tutilgandi.

O‘shanda Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyati boshqaruvining sobiq raisi Ra’no Jo‘rayeva yangi terminal lokatsiyasi o‘zgarmagan holda Buxoro aeroporti yonida qurilishini ma’lum qilgandi.