1 va 2-iyun kunlari Zomin milliy bog‘ida O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan Samarkand Marathon doirasida Zaamin Ultra 2024 uchinchi xalqaro ultramarafoni bo‘lib o‘tdi.

Jamg‘arma matbuot xizmati xabariga ko‘ra, poygada 20 ga yaqin davlatdan 2100 dan ortiq sportchi ishtirok etdi. Ular orasida Avstraliya, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Qozog‘iston, Malayziya, Turkiya, Rossiya, AQSh va boshqalar bor.

Zaamin Ultra to‘rtta masofani o‘z ichiga oldi: 50K, 21K, 10K va 2K. Mukofotlash uchta masofani o‘z ichiga oldi:

  • Erkaklar o‘rtasida 50K masofaga yugurishda Nurziyad Begaliyev 04:12:35, ayollar o‘rtasida Olga Popova 05:56:05 natija bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
  • Erkaklar o‘rtasida 21K masofada 01:35:53 natija bilan Artyom Sekachev, ayollar o‘rtasida 01:51:46 natija bilan Aleksandra Cherkas g‘olib bo‘ldi.
  • Erkaklar o‘rtasida 10K masofada o‘tkazilgan bahslarda Bekzod Pardayev 0:53:46, ayollar o‘rtasida Aleksandra Kuznetsova 0:59:48 natija bilan g‘olib bo‘ldi.

50K masofada bu yil rekord ham yangilandi: Nurziyad Begaliyev masofani oldingi natijaga qaraganda 12 daqiqa tezroq bosib o‘tdi. Shuningdek, yosh toifalari bo‘yicha ham g‘oliblar taqdirlandi.

Musobaqa oxirida plogging amalga oshirildi (axlatlarni yig‘gan holda qisqa masofaga yugurish).

“Bu yil biz yana bir bor turli mamlakatlardan kelgan minglab sportchilarni birlashtirib, ularga orzularini ro‘yobga chiqarish va dunyodagi eng qiziqarli baland tog‘ yo‘laklaridan birida o‘z irodalarini sinab ko‘rish imkoniyatini berdik. Joriy etilgan yangi tamoyillar qatorida biz tabiatni, u mavjud bo‘lishi lozim bo‘lgan musaffo shaklda qoldirish muhim ekaniga mas’uliyat bilan yondashib, turkum ekologik tashabbuslarni, jumladan, plogging, ya’ni plastik idishlardan voz kechish amaliyoti va boshqa tadbirlarni tashkil etdik”, — dedi Samarkand Marathon poygalari turkumi rahbari Mirxon Sagitov.

U iyun oyi oxirida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida sport bayrami, keyin Buxoroda tungi poyga va Samarqandda marafon bo‘lib o‘tishini eslatdi.

Bu yil musobaqa medallari dizayni Zomin milliy bog‘i manzaralarini aks ettirdi.

1-iyun kuni poyga arafasida Zaamin Ultra ultramarafonining mehmonlari va ishtirokchilari uchun elektron musiqa konserti tashkil etildi. Ochiq maydonda DJ Yõldosh chiqish qildi, shuningdek, QARAQOOM guruhi chiqishi taqdim qilindi.