2025-yildan O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan, mobil yoki simli telekommunikatsiya tarmoqlariga ega telekommunikatsiya operatorlariga sinov tariqasida xalqaro Internet tarmoqlariga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish huquqi beriladi. Bu prezidentning 4-iyun kuni O‘zAda e’lon qilingan farmonida nazarda tutilgan.

Shuningdek, qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdo faoliyatlarini litsenziyalash tartibi joriy etiladi.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Energetika vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2024-yil 1-sentabrgacha qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, shuningdek, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdosi tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi 2024-yil 1-oktabrgacha axborot va milliy xavfsizlikning to‘liq ta’minlanishini nazarda tutgan holda telekommunikatsiya operatorlarining sinov tariqasida xalqaro Internet tarmoqlariga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanishi va bosqichma-bosqich boshqa operatorlarga xalqaro Internet kanallarini tashkil etish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Tashqi internet kanaliga monopoliya

Bugungi kunda mamlakatdagi deyarli barcha provayderlar “O‘zbektelekom” kompaniyasining Xalqaro paketli kommutatsiya markazi orqali internet tarmog‘iga ulangan. 2018-yilda 2019−2021-yillarda O‘zbekistonni innovatsion rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan bo‘lib, unda 2020-yil 1-yanvardan tashqi internet-kanali bo‘yicha monopoliyani bekor qilish rejalashtirilgandi.

2019-yil avgust oyida tadbirkorlar mutasaddilar bilan uchrashuvda O‘zbekistonda startaplar rivojlanishidagi muammolardan biri sifatida tashqi internet-kanaldagi monopoliyani qayd etgandi. Jahon banki tahlilchilari ushbu sohadagi monopoliya internetga ulanish tezligini oshirish va narxlarni pasaytirishga imkon bermayotgani, bu esa raqamli iqtisodiyotni yaratish bo‘yicha harakatlarga salbiy ta’sir o‘tkazayotganini ta’kidlagandi.

Internetga ulanish xizmati (ulgurji darajada) hozircha “O‘zbektelekom”da qolmoqda.

Raqamli texnologiyalar vazirligi 2024-yilning aprel oyigacha xususiy provayderlarga xalqaro internet tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish imkonini beruvchi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ishlab chiqishi kerak edi. Bu maqsad 2024-yilda strategik yo‘nalishlarda islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasiga kiritilgandi.