3-iyun kuni Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida Cobalt yo‘lning belgilanmagan qismidan o‘tayotgan piyodani urib yubordi. Bu haqda poytaxt YHXB xabar berdi.

Soat 13:55 da 44 yoshli haydovchi N.K. o‘z avtomashinasini boshqarib kelayotib, Ahmad Yugnakiy ko‘chasida piyoda — 1998-yilda tug‘ilgan D.X.ni urib yuborgan.

Videolavhada ikki qiz yo‘ldan o‘tayotgani, ulardan birini mashina urib yuborgach, bir necha metr nariga uchib ketganini ko‘rish mumkin. Hodisa sodir bo‘lgan joydan bir necha 10 metr nariroqda esa svetofor borligi va ishlab turgani ham ko‘rinadi.

Oqibatda qiz tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Holat yuzasidan shahar YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Shu o‘rinda, piyodalardan yo‘l harakati qoidalariga amal qilgan holda doimo yo‘lning belgilangan qismlaridan kesib o‘tishlarini so‘rab qolamiz, deyiladi boshqarma xabarida.