Toshkent viloyati Olmaliq tumanida o‘zini 16 qavatli bino tomidan tashlab, halok bo‘lgan qiz ishi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 4-iyun kuni noma’lum shaxs Uvaysiy mahallasidagi ko‘p qavatli uyning tom qismidan sakrab, halok bo‘lgandi. IIB va FVB vakillari voqea joyida u bilan suhbatlashishga uringan, ammo qizni fikridan qaytarish imkoni bo‘lmagan.

BP marhumning shaxsi aniqlanganini bildirdi, murdadan olingan barmoq izlari u Olmaliq shahrida yashovchi 2005-yilda tug‘ilgan G. T. bo‘lganini ko‘rsatgan.

Holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlandi.

Xabarda qo‘shimcha qilinishicha, voqea joyi ko‘zdan kechirilganda ushbu uyning tom qismiga chiqish temir eshigining qulfi buzilgan holatda bo‘lgani aniqlangan.