Instagram`dagi profiliga go‘yoki Toshkent shahrini boshqa viloyatlik fuqarolar “bosib ketgani”, ulardan “qochib yurgani”ni aytib video yuklagan qiz javobgarlikka tortildi, deb xabar berdi Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi.

“Toshkentga kelmasa-da mana shunday viloyatliklar, baxtli yasharmidik biz ham, ensamiz qotmasdan, to‘g‘rimi? Qaranglar, shuncha mollarning ichida bitta o‘zim chiroyli bo‘lib turibman”, — degan u videosida. U viloyatliklarni “isqirt” “haromi”, “xarip” deb atagan.

21 yoshli fuqaro sud majlisida tanishi bilan “Lokomotiv” bog‘iga, so‘ng Seoul (Mun) xarid markaziga borgani, ammo u yerlarda odam ko‘p bo‘lganini aytgan. U shu sababli “ozgina kayfiyati buzilib, jahl ustida ortiqcha” gapirib yuborganini, qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirib, kechirim so‘radi.

Mazkur holat yuzasidan huquqbuzarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan 15 sutka qamoq jazosi tayinlandi.

Tarmoqlarda tarqalgan yana bir videoda qizning otasi ekanini aytgan shaxs qizi xato qilganini bildirgan. “Misol uchun, uning [qizning — tahr.] onasi ham viloyatlik, qashqadaryolik. Men ham viloyatdanman. Qo‘qonlikman. Endi bu qiz yosh, mana shunaqa deb yuboraveradi”, — degan u.

Video