Xitoy yirik pandalarni 2024-yil oxirigacha Vashingtondagi Smitson milliy hayvonot bog‘iga qaytaradi. U yerda yosh juftlik paydo bo‘lishi kutilmoqda — erkak Bao Li va ayol Sin Bao pandalar, ular 2 yoshda.

Hayvonot bog‘i pandalarning qaytishini 29-may kuni e’lon qildi va bu xabarga AQShning birinchi xonimi Jill Bayden ishtirokidagi videorolik ilova qilindi. “Biz ushbu tarixiy lahzani intiqlik bilan kutamiz va uni mamlakatimiz poytaxtida nishonlaymiz”, — dedi Amerika prezidentining rafiqasi quvonch bilan. U sahna ortidan otilgan o‘yinchoq pandani tutib olib, qo‘shimcha qildi: “Bu rasman! Pandalar Vashingtonga qaytadi!”

Pandalar hayvonot bog‘i va Xitoy yovvoyi tabiat assotsiatsiyasi (CWCA) o‘rtasidagi kelishuv doirasida olib kelinadi. Hayvonlar 10 yilga ijaraga beriladi. Hayvonot bog‘i tadqiqot va tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun CWCA`ga yiliga 1 million dollar to‘laydi.

Dunyodagi barcha pandalar Xitoyga tegishli. Pekin, an’anaga ko‘ra, pandalarni minnatdorlik ma’nosida do‘st mamlakatlardagi hayvonot bog‘lariga yuboradi. Bu amaliyot panda diplomatiyasi deb ataladi. 1941-yildan 1984-yilgacha Xitoy hukumati pandalarni boshqa mamlakatlarga hadya qilgan. 1984-yilda Xitoy hukumati pandalarni milliy boylik deb e’lon qildi va ularni faqat ijaraga berishni boshladi. Shartnomalarda pandalar va ularning barcha avlodlari Xitoy mulki bo‘lib qolishi, tug‘ilgan bolalar esa to‘rt yoshga to‘lgunga qadar Xitoyga qaytarilishi ko‘zda tutilgan.

The Washington Post gazetasining qayd etishicha, pandalarning qaytishi haqidagi xabar AQSh va Xitoy o‘rtasidagi keskin munosabatlarni inobatga olgan holda kutilmagan holat bo‘ldi. Pandalar Qo‘shma Shtatlarga 1970-yillardan beri olib kelinadi, ammo so‘nggi bir necha yil ichida Pekin Amerika hayvonot bog‘laridan pandalarni qaytarib olishni boshladi va ba’zilar buni siyosiy sabablar deb bog‘laydi.

2023-yil noyabr oyida yirik pandalar Mey Syan, Tyan Tyan va ularning bolasi Syao Sitszi Vashington hayvonot bog‘idan o‘z uylariga qaytgandi. Mey Syan va Tyan Tyan Vashingtonda bir necha o‘n yil yashab, hayvonot bog‘ining ramziga aylangan.

Pandalarga g‘amxo‘rlik qilish va o‘rganish qimmatga tushadi, shuning uchun hayvonot bog‘i xarajatlarni qoplash uchun 25 million dollarlik yig‘imni e’lon qildi. Hayvonot bog‘ida yangi suvenirlar sotuvi bilan “Pandalar kelmoqda!” kampaniyasi ham boshlandi (The pandas are coming).

Bao Li va Sin Bao. Foto: Vashingtondagi Smitson milliy hayvonot bog‘i.

Xitoy rahbari Si Szinpin 2023-yil noyabr oyida San-Fransiskoda AQSh prezidenti Jo Bayden bilan shaxsan uchrashgach, Xitoy pandalarni AQShga qaytarishi mumkinligiga ishora qilgandi. U pandalarni “Xitoy va Amerika xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik elchilari” deb atagandi. Shu yilning aprel oyi oxirida Xitoy Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish assotsiatsiyasi ham Pekin Kaliforniyadagi San-Diyego hayvonot bog‘iga 10 yillik ijaraga bir juft panda yuborishini ma’lum qilgan.