Buxoro shahridagi tarixiy maskan — Xo‘ja Gulrez ko‘chasi 13-uy manzilida joylashgan Hovli Poyon majmuasida Jadidlar merosi davlat muzeyi tashkil etiladi. Bu haqda 30-may kuni prezident qarori e’lon qilindi.

Muzey Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tizimiga kiradi hamda muzey faoliyati uning binosida qurilish-montaj ishlari yakunlanganidan so‘ng boshlanadi. Uni tashkil etishdan maqsad — “jadidlarning O‘zbekiston va jahon tarixidagi muhim o‘rni va ahamiyatini, milliy istiqlolning ma’naviy asoslarini yaratishdagi fidoyiliklarini, ibratli hayoti va faoliyatini, boy ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish va faol targ‘ib etish”.

Muzey faoliyatining asosiy vazifalari etib, jadidlik harakatiga oid mamlakat va xorijdagi turli manbalar va tarixiy hujjatlarni aniqlash, to‘plash, saqlash, o‘rganish, tiklash, nusxalash, e’lon qilish, ular asosida vuzey fondini boyitib borish va ekspozitsiyalarni yaratish, shuningdek, madaniy-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish belgilangan.

Bundan tashqari, asosiy maqsadlar qatoriga “ma’rifatparvar jadidlarning o‘rni va ahamiyati, qo‘shgan hissasi va fidoyiliklarini haqqoniy yoritish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish” ham kiradi.

Shuningdek, Madaniy meros agentligi “Milliy merosga mening hissam” umumxalq aksiyasi doirasida aholidan jadidlik harakatiga oid tarixiy materiallar, ashyolar, noyob suratlarning muzey uchun xarid qilib boradi.

Import qilinadigan muzey ashyolari va kolleksiyalari, kitob va qo‘lyozmalar, shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan qurilish materiallari, asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, jihozlar, ehtiyot qismlar, metall konstruksiyalar, mebel va inventarlar 2025-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod etiladi.