Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 30-may kuni prezident bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz iste’moliga oshiruvchi koeffitsiyentlar joriy etish rejalari haqida gapirdi.

Uning aytishicha, 2024−2025-yillar kuz-qish mavsumi uchun viloyatlar, shaharlar, tumanlar va mahallalar kesimida elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar ishlab chiqilgan. Ushbu maqsadlar ishlab chiqarishga xalal bermasdan, iste’molni samarali tashkil etish orqali resurslarning ma’lum qismini tejashni ta’minlaydi.

Tashkilot rahbarlari uchun energosamaradorlik bo‘yicha asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlar (KPI) joriy etiladi.

“Ilgari ham bu ko‘rsatkichlar tasdiqlangan, biroq bu ko‘rsatkichlarni bajarmagan korxona va tashkilot rahbarlariga nisbatan chora ko‘rishning imkoni bo‘lmagan. Endi ularni moliyaviy va boshqa javobgarlikka tortish bo‘yicha ko‘rsatmalar oldik”, — dedi u.

Davlat tashkilotlari uchun ham KPI joriy etiladi, ularni bajarganlik uchun rag‘batlantirish mexanizmlari ham bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, iste’molchilar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun amaldagi tarifga oshiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llagan holda qayta hisob-kitob qilish tartibini (gap energiya resurslarini o‘g‘irlash haqida ketmoqda) joriy etish, shuningdek, energiya auditini o‘tkazish bo‘yicha majburiy chora-tadbirlarga rioya qilmaganlik uchun yoqilg‘i-energetika resurslarining kutilgan tejalish qiymati miqdorida jarima solish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

“Qo‘shimcha ravishda me’yorlar belgilanadi, ya’ni gaz yoki elektr energiyasi iste’moli belgilangan limitning 10 foizidan oshsa, ortiqcha hajmga 2 baravarigacha bo‘lgan tarif qo‘llanadi. Bu nima uchun qilinmoqda? Bu — bugungi kunda import borligi hisobiga yanada qimmatlashib borayotgan energiya resurslarini tejash. Iqtisodiyotimizning maksimal energiya samaradorligiga erishish zarur”, — dedi u.

Energetika vazirligining “Gazeta.uz”ga oydinlik kiritishicha, ushbu tartib yuridik shaxslar (xususiy tadbirkorlik subyektlari, davlat korxonalari va davlat tashkilotlari) uchun joriy etiladi. Misol uchun, korxona yoki davlat tashkiloti uchun limit 100 kVt/soatni tashkil etadi, ammo iste’mol 120 kVt/soat bo‘ldi. Ikki baravarlik tarif 10 kVt/soat uchun qo‘llanadi.

Shuningdek, iste’molchilarning energiya auditini o‘tkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, energoaudit faqat xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshiriladi. Audit asosida majburiy chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Shaffoflikni ta’minlash uchun energiya auditi natijalari va undan keyin erishilgan natijalar yillik biznes-rejalarga kiritiladi va kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

Avvalroq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov tariflar oshirilganidan so‘ng may oyida O‘zbekistonda 2023-yilning shu davriga nisbatan elektr iste’moli 324 mln kVt/soatga, gazniki esa 125 mln kub metrga kamayganini aytgandi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, abonentlar va korxonalar soni ko‘payishi fonida iste’molning kamayishi energiya tejamkorligidan dalolat beradi.