Antoniya Lyudeke, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Bolalarni himoya qilish bo‘limi rahbari

Tarbiya vositasi sifatida bolani jazolash — insoniyatning o‘zi kabi qadimiy amaliyot. Butun dunyoda, turli hamjamiyatlarda, uyda, maktablarda har doim ota-onalar va oilalar kelajak avlodga muayyan qadriyatlar va tartib-intizomni singdirish yo‘llarini izlab keladi. Intizomni singdirish usullari azal-azaldan mavjud va ko‘pincha jamiyatning muqaddas madaniyatining bir qismi hisoblanadi.

Biz YUNISEF amaliyotidan bilamizki, ta’limda, farzandlarimizni immunizatsiya qilishda yuksak qadrlanadigan yoki bolalar o‘rtasidagi nikoh kabi zararli amaliyotlarga barham beradigan yangi ijobiy madaniyatlarni yaratish mumkin. Hamjamiyatlar bir necha avlodlar uchun amalda ishlagan ijtimoiylashuv usullariga juda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishiga qaramay, ularni ko‘proq manfaat topish yo‘lida ishontirish mumkin, deb hisoblaymiz.

Bugun munozarali mavzu hisoblangan, ota-onalarning keskin javob reaksiyalariga sabab bo‘ladigan masala — jismoniy jazolashga qarshi o‘z dalillarimizni ilgari surmoqchimiz.

Intizomiy maqsadlarda bolada og‘riq yoki noqulaylik keltirib chiqarishga qaratilgan urish, yuzga tarsaki tushirish yoki orqasiga urish kabi har qanday jismoniy xatti-harakatlarni o‘z ichiga oluvchi jismoniy jazo, uning samaradorligi va xavfsizligiga qarshi dalillar tobora ortib borayotganiga qaramay, bu amaliyotlar keng tarqalganligicha qolmoqda.

Sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ko‘plab sohalardagi tadqiqotlar ota-bobolarimizning tarbiyalash usullari yanglish bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda, yangi tadqiqotlar ota-onalar, oilalar va hamjamiyatlarni bolalarni boshqacha usullarda tarbiyalashga va jismoniy jazodan voz kechishga chaqirmoqda.

Turli ijtimoiy-madaniy guruhlarda olib borilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, jismoniy jazolash bolalarda tajovuzkorlikning kuchayishi, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar, jismoniy shikastlanish va ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin.

Ayni paytda dunyoning 65 ta mamlakatida uy sharoitida jismoniy jazo qo‘llashni taqiqlovchi qonuniy choralar qabul qilingan bo‘lib, ko‘pchilik bu himoya choralarini ta’lim muassasalari va bolalar mavjud bo‘lgan boshqa joylarga ham tatbiq etadi. Ko‘pgina mamlakatlardagi bunday o‘zgarishlarga qaramay, o‘zgarishlar YUNISEF istagan va bolalar munosib bo‘lgan sur’atda emas.

Har yili 30-aprel Xalqaro bolalarni jismoniy jazolashga chek qo‘yish kuni sifatida nishonlanadi. Bu kun butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarga ta’sir ko‘rsatadigan, chuqur ildiz otgan amaliyotga qarshi kurashish maqsadida ta’sis etilgan.

Bu kun bolalarni intizomga o‘rgatishning an’anaviy usullarini qayta ko‘rib chiqish va har qanday shart-sharoitlarda, shu jumladan, uyda bolalarning farovonligini himoya qiluvchi zo‘ravonlikdan xoli yondashuvlarni targ‘ib qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Uzoq yillik madaniy me’yorlar asosida shakllangan jismoniy jazolash amaliyotining saqlanib qolishi jiddiy muammoligicha qolmoqda. Masalan, 2021−2022-yilgi Ko‘p ko‘rsatkichli klaster tadqiqoti (MICS)da O‘zbekistondan olingan so‘nggi statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, 1−14 yoshdagi bolalarning 62 foizi jismoniy jazo yoki psixologik tajovuzning qandaydir shakllarini boshdan kechiradi. Bu xavotirli ko‘rsatkich faqat O‘zbekistonga xos emas. Shunga qaramay, u bolalarni himoya qilish va intizomga nisbatan madaniy jihatdan ta’sirchan, biroq qat’iy yondashuvni talab qiladigan global muammoni aks ettiradi.

YUNISEF bolalarni zo‘ravonliksiz tarbiyalash va ularning qadr-qimmatini hurmat qilishga asoslangan o‘qitish usullariga o‘tish tarafdori. Bu jismoniy jazodan global miqyosda voz kechishni qo‘llab-quvvatlagan holda, hech qanday zo‘ravonliklarsiz o‘z-o‘zini nazorat qilish va hurmat qilish imkonini beruvchi intizom strategiyalarini targ‘ib qilishni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston kabi mamlakatlarda kuchli jamiyat va oila tuzilmalari ijtimoiy me’yorlar uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi. O‘zgarishlarni amalga oshirishda mazkur institutlardan foydalanish uchun noyob imkoniyat mavjud. Shu bilan birga, mahallalar zo‘ravonliksiz tartib-intizomni targ‘ib qilish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Ushbu mahalliy hamjamiyatlar bola parvarishi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar va o‘qituvchilarni muqobil ijobiy intizom usullaridan foydalanishga o‘rgatish maqsadida o‘quv materiallarini tarqatish va seminarlar tashkil etish uchun tamomila mos keladi.

Bu boradagi ishlarni boshlab olishda bola parvarishi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar va o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ularni intizomning muqobil usullarini taklif qiladigan ta’lim va resurslardan doimiy foydalanish imkoniyati bilan ta’minlash talab etiladi. Ushbu yondashuvlarning uzoq muddatli afzalliklarini alohida qayd etib o‘tish joiz. Bunday ta’lim dasturlari jamiyatning o‘ziga xos ehtiyojlariga moslashtirilgan va bolalarni himoya qilishning global standartlariga mos keladigan jamoat markazlari, maktablar va sog‘liqni saqlash muassasalarida keng foydalanilishi kerak.

Bundan tashqari, jismoniy jazolashga qarshi mustahkam huquqiy asosni ta’minlash yo‘lida qat’iy siyosiy islohotlar zarur. Qonunchilik bolalar ta’lim oladigan va o‘sib-ulg‘ayadigan barcha joylarni qamrab olishi, jismoniy jazo qo‘llanilishi qonunga zid ekanligi izchil va aniq yetkazilishi kerak. O‘zbekiston 2018-yilgi O‘zbekistonning Umumjahon davriy tahlili doirasida berilgan tegishli tavsiyalarni aniq qabul qilgan holda, bolalarga nisbatan har qanday jismoniy jazoni taqiqlash tarafdori ekanligini bildirgan.

Axloq tuzatish muassasalarida intizomiy jazo chorasi sifatida va jinoyat uchun jazo sifatida jismoniy jazo qo‘llash qonunga xilof ekanligini inobatga olsak, bu taqiq haligacha uyda, muqobil bolalarni parvarishlash muassasalarida, bolalar bog‘chalarida va maktablarda joriy etilmagan. Qonunchilik intizomga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishga yordam beradigan va zo‘ravonliksiz ijobiy intizom usullarini qo‘llashni rag‘batlantiradigan samarali ijro mexanizmlari va keng tarqalgan ta’lim kampaniyalari bilan bir vaqtda amalga tadbiq etilishi lozim.

Bolalar huquqlarini barcha sohalarda himoya qilish tarafdori ekanligimizni yana bir bor isbot qilaylik. Bu kun jamiyatning barcha darajalarida — siyosatchilardan tortib o‘qituvchilar va oilalargacha — doimiy muloqot va hamkorlik uchun imkon yaratgan holda, global va mahalliy sa’y-harakatlar uchun katalizator vazifasini o‘tashi lozim. Bu orqali nafaqat bolalarni himoya qilamiz, balki o‘zaro hurmatga asoslangan va zo‘ravonliklardan holi munosabatlarni tushunadigan va qabul qiladigan kelajak avlodlarni tarbiyalashga hissa qo‘shamiz.

Xulosa qilib aytganda, jismoniy jazolashga chek qo‘yish ham qonunlarni, ham ijtimoiy me’yorlarni o‘zgartirish masalasidir. Bolalar bilan bog‘liq har qanday makonda zo‘ravonlikdan holi amaliyotlarni targ‘ib qilish va joriy etish orqali bolalarga zo‘ravonlikdan xoli hurmat va intizomning singdirilishiga erishish mumkinligiga kafolat beramiz. Bunday yondashuv bolalarning jismoniy, hissiy va ruhiy salomatligi, hammaga birdek hurmat va qadr-qimmatni qadrlaydigan va amalda qo‘llaydigan jamiyatni rivojlantirish uchun juda muhim.

Ushbu keng qamrovli strategiya nafaqat zararli amaliyotlarni yo‘q qilishga qaratilgan. Gap farzandlarimizni sog‘lom va layoqatli bo‘lib voyaga yetishlari uchun ularni qanday tarbiyalash va yo‘naltirish masalasini qayta ko‘rib chiqish ustida bormoqda. Jamoaviy sa’y-harakatlar va umumiy majburiyat vositasida barcha bolalar uchun ularga yanada ko‘proq g‘amxo‘rlik va hurmat ko‘rsatiladigan dunyoga yo‘l ochishimiz mumkin.