O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotining 2026-yilda Kamerunda bo‘lib o‘tadigan 14-vazirlar konferensiyasigacha tashkilotga a’zo bo‘lishni reja qilyapti. Bu haqda 24-may kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, JST bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya raisi Jamshid Xodjayev ma’lum qildi, deyiladi JST saytida keltirilgan ma’lumotda.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha ishchi guruhi sakkizinchi yig‘ilishida a’zolar O‘zbekistonning qo‘shilish yuzasidan zarur islohotlarni amalga oshirishdagi sa’y-harakatlarini yuqori baholagan va hali ham chora ko‘rilishi talab etilayotgan sohalarni alohida ta’kidlagan.

“O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha o‘z majburiyatlarida sobit qolmoqda va biz mazmunli taraqqiyotga erishish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz. Mamlakat 2026-yilda Kamerunda bo‘lib o‘tadigan 14-vazirlar konferensiyasigacha JSTga a’zo bo‘lish niyatida”, — degan Jamshid Xodjayev. Bosh vazir o‘rinbosari o‘z bayonotida delegatlarni qo‘shilish jarayoniga “investitsiya kiritish va qo‘llab-quvvatlash”ga chaqirib, ularning “hamkorligi, tajriba va yordami” qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunlanishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning a’zo bo‘lish jarayoni 2020-yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan ishchi guruhning to‘rtinchi yig‘ilishi bilan rasman qayta tiklangan, shundan so‘ng 2022-yil iyun, 2023-yil mart va 2023-yil noyabr oylarida yana uchta uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

O‘zbekiston, shuningdek, Dominikan Respublikasi, Isroil, Yaponiya va Urugvay bilan to‘rtta ikki tomonlama shartnoma imzolagani, ishchi guruhning yettinchi yig‘ilishidan buyon 33 nafar a’zo bilan ikki tomonlama muzokaralar olib borilgani qayd etib o‘tildi.

Ishchi guruh hisoboti loyihasining elementlari va boshqa qo‘llab-quvvatlovchi hujjatlar asosida O‘zbekiston tashqi savdo rejimining turli jihatlari muhokama qilindi va O‘zbekiston qo‘shimcha majburiyatlarni olishga chaqirildi. A’zolar O‘zbekistonning ko‘p tomonlama savdo tizimiga qo‘shilishi va ularning tashqi savdo siyosati uchun ahamiyatini ta’kidladi. Yig‘ilishda Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Xalqaro savdo markazi va Jahon banki vakillari ham ishtirok etdi.

Kelgusida O‘zbekiston va a’zo davlatlar shu paytgacha erishilgan yutuqlarni mustahkamlash hamda bozorga chiqish bo‘yicha shartnomalar tuzishga da’vat etildi. A’zolardan 2024-yil 21-iyunga qadar majburiyatlar loyihalari bo‘yicha savollar, mulohazalar va takliflarni taqdim etishlari so‘raldi. Javoblar bilan bir qatorda, O‘zbekiston ham tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak.

Ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishining aniq sanasi barcha kerakli muzokaralar ma’lumotlari taqdim etilgandan so‘nggina e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil mart oyida O‘zbekiston hukumati Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish doirasida 11 davlat bilan muzokaralarni yakunlagani, ulardan 9 tasi bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi protokollarni imzolagani haqida yozgandik.

2023-yil sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasidagi nutq so‘zlarkan, “Yaqin orada JSTga to‘laqonli a’zo bo‘lish O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirish yo‘lidagi ustuvor yo‘nalishlardan biridir”, — deb ta’kidlagan edi.