AQSh Vashington bilan “tarang” munosabatlar sharoitida Kiyevni tinchlantirish uchun qo‘llab-quvvatlash belgisi sifatida Ukraina bilan yangi ikki tomonlama xavfsizlik shartnomasini imzolashga yaqin turibdi, deb yozmoqda Financial Times (FT).

Nashrning qayd etishicha, bu Ukraina NATO davlatlari bilan tuzgan shartnomalar ichida eng muhimi bo‘ladi — ular uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash, jumladan, harbiy tayyorgarlik, razvedka ma’lumotlarini almashish va iqtisodiy yordam bo‘yicha majburiyatlarni belgilaydi.

AQSh rasmiylarining FT`ga aytishicha, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va AQSh prezidenti Jo Bayden 13−15-iyun kunlari Italiyada bo‘lib o‘tadigan G7 (“Katta yettilik”) sammiti doirasida ikki tomonlama xavfsizlik bitimini imzolashi kutilmoqda.

Kelishuv so‘nggi haftalarda muhokama qilindi, bu Kiyev va Vashington o‘rtasidagi munosabatlardagi keskinlikning oshishi bilan belgilanadi, deb yozdi FT. Bayden 15−16-iyun kunlari Shveysariyada bo‘lib o‘tadigan Ukraina bo‘yicha tinchlik sammitida ishtirok etmasligidan Ukraina hukumatining hafsalasi pir bo‘lgan. Avvalroq Amerika OAVlari Bayden sammitni shu kunlarda Kaliforniyada bo‘lib o‘tadigan saylovoldi kampaniyasi uchun mablag‘ yig‘ish tadbiriga to‘g‘ri kelishi sababli o‘tkazib yuborishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Shveysariyada bo‘lib o‘tadigan sammitda AQSh nomidan yuqori martabali amaldor ishtirok etishi kutilmoqda. “AQSh va prezident Bayden prezident Zelenskiy va Ukraina xalqi yonida bo‘lib keldi va tinchlik sammitida kim qaysi kursida o‘tirishidan qat’i nazar, bu davom etadi”, — dedi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi.

O‘tgan yil davomida Ukraina YeI va NATOga a’zo qator davlatlar, jumladan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Daniya, Kanada, Italiya, Ispaniya va boshqa davlatlar bilan xavfsizlik bo‘yicha ikki tomonlama shartnomalar tuzgan.