Jizzax viloyatida mast holda qasddan Spark mashinasini urib, do‘konga shikast yetkazdi. Bu haqda viloyat IIB xabar qildi.

Qayd etilishicha, 2024-yilning 28-may kuni soat 01:19 larda Zarbdor tumani “Ravot” MFYda joylashgan savdo do‘koni ish yurituvchisi viloyat IIBning 102 xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib “KamAZ” rusumli yuk avtomashinasi egasi savdo do‘konini buzib tashlagani to‘g‘risida ma’lum qilgan.

Holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruvlar davomida Zomin tumani “Nurlikent” MFYda yashovchi 1998-yilda tug‘ilgan fuqaro T.Sh. “Kamaz” rusumli yuk avtomashinasini mast holda savdo do‘koni oldiga boshqarib kelib, do‘kon yonida turgan Zarbdor tumani “Navoiy” MFYda yashovchi 2000-yilda tug‘ilgan H.R va u bilan birga bo‘lgan U.O.lar bilan o‘zaro tortishib qolgan.

Oqibatida H.R. T.Sh.ning yuz qismiga bir marotaba urib, tan jarohati yetkazgan. Shundan so‘ng T.Sh. jahl ustida o‘zi boshqaruvidagi yuk avtomashinasiga o‘tirib, uni haydab, shu yerda turgan H.R.ga tegishli Spark avtomashinasining orqasidan urib, avtomashina va savdo do‘koniga moddiy zarar yetkazgan.

“Hodisa sodir bo‘lgan joy tergov-tezkor guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilib, hozirda tergovga qadar tekshiruv davom etmoqda. Tergov natijalariga ko‘ra ushbu voqea ishtirokchilarining xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi”, — deyiladi IIB xabarida.