Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi (FNQIZ) uchun investor haligacha to‘liq pul to‘lamagan. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) Kun.uz`ga ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil may oyida Davaktiv FNQIZning 100 foiz ulushi 103 ta neft va gaz konlarida yer qa’ridan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan eng yirik xususiy neft-gaz kompaniyasi Sanoat Energetika Guruhi (sobiq Jizzakh Petroleum)`ga sotilishini e’lon qilgan edi. Ilgari FNQIZ va konlar “O‘zbekneftgaz"ga tegishli bo‘lgan.

daba, davaktiv, davlat aktivlarini boshqarish agentligi, farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, fnqiz, saneg, xususiylashtirish

Ushbu kelishuvga qaramay, 2024-yil 29-may holatiga ko‘ra, DABA davlat nomidan 58,5 foiz ulushni saqlab qolmoqda, Saneg esa 41,5 foiziga egalik qilyapti. Davaktivning ta’kidlashicha, investor haligacha zavod uchun mablag‘ni to‘liq to‘lamagan. “Xarid qiymatini to‘lagan qismiga mutanosib ravishda ulush o‘tkazib beriladi. Xarid qiymati to‘liq to‘langandan va shartnoma shartlarini bajargandan so‘ng, ulush ham to‘liq o‘tkaziladi”, — deyiladi xabarda. Agentlik kompaniya to‘liq summani qancha muddatda to‘lashi kerakligiga aniqlik kiritmagan.

Kelishuv doirasida Saneg zavodni modernizatsiya qilish uchun 380 million dollardan ortiq investitsiyaviy majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan. Korxonada shuningdek, Yevro-5 talablariga javob beradigan zamonaviy va ekologik toza benzin va dizel yonilg‘isi, Jet A-1 reaktiv yoqilg‘isi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish, neft agregatlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, ishlab chiqarish quvvatini kamida 2 million tonnadan oshirish zarur.

2024-yilning ikkinchi choragi uchun investitsiya dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, modernizatsiya qiymati 389,3 million dollarga ko‘tarilgan, 1-yanvar holatiga ko‘ra, qoldiq 171,8 million dollarni tashkil etgan; xorijiy hamkorlar Shveysariyaning Gas Project Development Central Asia va Kiprning Belvor Noldings Limited kompaniyasi hisoblanadi. Avvalroq ushbu kompaniyalarning tadbirkor Baxtiyor Fazilovga aloqasi borligi haqida xabar berilgan edi.

Qayd etish joiz, bu vaqt ichida Saneg 41,5 foiz ulush uchun 41,5 million dollar to‘lashi kerak bo‘lardi. Joriy kurs bo‘yicha bu taxminan 525 milliard so‘mni, o‘rtacha hisobda esa 450 milliard so‘mdan biroz kamroqni tashkil qiladi.

2022-yildan buyon zavodning sof foydasi 557,3 milliard so‘mni tashkil etadi: 2022-yilda — 19,3 milliard so‘m, 2023-yilda — 469,6 milliard so‘m, 2024-yilning birinchi choragida — 68,4 milliard so‘m.

Moliyachi Otabek Bakirovning fikricha, kompaniya zavodni sotib olish xarajatlarini ushbu zavod foydasi hisobiga to‘lashi mumkin. “Gazeta.uz” Saneg va Davaktivga zavod foydasi qanday taqsimlangani, investor qancha to‘lagani, to‘lovlar qancha muddatda to‘lanishi kerakligi va investitsiya majburiyatlari bajarilishi bo‘yicha so‘rovlar yubordi.