Isroil tanklari shaharga quruqlikdan hujum boshlanganidan uch hafta o‘tib G‘azo sektori janubidagi Rafah markaziga kirib bordi, deya xabar bermoqda Reuters guvohlarga tayanib. Shaharning markaziy diqqatga sazovor joyi Al-Avda masjidi yaqinida zirhli texnikalar kuzatilgan.

Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) Rafahdagi operatsiya davom etishini e’lon qildi, ammo shahar markazi tomon oldinga siljish haqidagi ma’lumotni izohlamadi. SAXAL bayonotida aytilishicha, tunda Isroil harbiylari Misr va G‘azo chegarasidagi bufer zonasi bo‘lgan Filadelfiya koridorida operatsiya o‘tkazgan.

Rafah aholisining Reuters agentligiga aytishicha, kecha tunda Isroil harbiylari havo hujumlari uyushtirgan va shaharni tanklardan o‘qqa tutgan. Bundan tashqari, yakshanba kuni qochqinlar chodiri lagerida katta yong‘inga sabab bo‘lgan hujum uyushtirilgan. Oqibatda kamida 45 falastinlik halok bo‘lgan, ularning yarmidan ko‘pi ayollar, bolalar va qariyalar edi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Rafah lageriga qilingan hujumni “fojiali voqea” deb atadi, ammo HAMASga qarshi urushni davom ettirishga va’da berdi. “Men barcha maqsadlarga erishilmaguncha urushni tugatish niyatida emasman”, — dedi u.

SAXAL, o‘z navbatida, Rafahda yakshanba kungi zarbada ikki yuqori martabali HAMAS jangarisi o‘ldirilganini da’vo qilmoqda.

Isroil hujumi xalqaro, jumladan, gumanitar tashkilotlar, BMT va Yevropa Ittifoqi tomonidan qoralandi. “G‘azoda xavfsiz joy yo‘q. Bu dahshat to‘xtashi kerak”, — dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish.

  • BMT Xalqaro sudining Isroil tomoniga hujumni to‘xtatish va insonparvarlik yordami yetkazib berish uchun Misr bilan chegarada nazorat punkti ochish haqidagi qaroriga qaramay, Isroil Rafahdagi harbiy amaliyotini davom ettirmoqda.
  • BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi (UNRWA) ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch hafta ichida bir millionga yaqin odam Rafahni tark etgan. Tashkilotning qo‘shimcha qilishicha, odamlar “xavfsizlik yetarli emasligi, bombardimon qilinish xavfi, oziq-ovqat va suv yetishmasligi, axlat uyumlari va yashashga yaroqli bo‘lmagan sharoitlar” sabab Rafahdan qochib ketmoqda va qochqinlarga yordam berish hozir deyarli “imkonsiz”.

Rafah G‘azo sektorining janubidagi Misr bilan chegaradosh shahar bo‘lib, urush boshlanganidan beri anklavning shimoliy va markaziy qismlaridan kelgan 1 milliondan ortiq falastinlik qochqinlar boshpana topgan.

Rafah o‘tish joyi G‘azodagi yagona quruqlik yo‘li bo‘lib, u orqali falastinliklar Isroildan o‘tmay turib tashqi dunyo bilan bog‘langan. Nazorat punkti orqali insonparvarlik yordami yetkazildi va yaralangan G‘azo aholisi evakuatsiya qilindi.

Isroil so‘nggi bir necha oydan beri Rafahga quruqlikdan hujum uyushtirish bilan tahdid qilib keladi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, shaharda o‘tgan yilning 7-oktabrida Isroilga hujumi chog‘ida guruh tomonidan asirga olingan minglab HAMAS jangarilari va, ehtimol, o‘nlab garovga olinganlar bo‘lib turibdi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Rafahda operatsiya o‘tkazmay turib HAMASni yengish mumkin emasligini ta’kidlamoqda.

G‘arb va arab davlatlari hamda xalqaro gumanitar tashkilotlar ko‘p sonli tinch aholi qurbonlari bo‘lishi mumkinligi sababli Isroilning Rafahdagi operatsiyasiga qarshi.