Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 26−27-may kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha 27 ta hujjat imzolandi, deb xabar qildi Kreml matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning qo‘shma bayonoti, hukumatlar o‘rtasida O‘zbekistonga metrologiya sohasida texnik ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitim, mamlakatlarning tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga doir qo‘shma harakatlar rejasi, 2024−2030-yillarga mo‘ljallangan mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni oshirish bo‘yicha ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari rejasi shular jumlasidandir.

Tomonlar, shuningdek, birgalikda kino ishlab chiqarish va aholining sanitariya-epidemiologik farovonligini ta’minlash sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar hamda Baliqchilik sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma (2021-yil 17-noyabr) imzoladi.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston hududida atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga (2018-yil 7-sentabr) o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma, O‘zbekistonda kam quvvatli atom stansiyalarni loyihalash, yetkazib berish va qurish bo‘yicha shartnoma, “Rosatom” bilan hamkorlikda O‘zbekistonda kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Shuningdek, quyidagi hujjatlar imzolandi:

  • Rossiya Fan va oliy ta’lim vazirligi va O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘rtasida ilmiy tadqiqotlar sohasida qo‘shma tanlovlar o‘tkazish to‘g‘risida bitim;
  • Rossiya Federatsiyasi Veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Karantin va o‘simliklarni himoya qilish agentligi o‘rtasida fitosanitariya sohasida raqamli hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta’lim vazirligi o‘rtasida “N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti” federal davlat budjet oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil etish to‘g‘risida memorandum;
  • 2025−2026-yillarga mo‘ljallangan mamlakatlar o‘rtasida turistlar oqimini oshirish bo‘yicha hamkorlik dasturi;
  • 2024−2026-yillarga mo‘ljallangan madaniyat vazirliklari o‘rtasida madaniyat sohasida hamkorlik dasturi;
  • 2024−2025-yillarga mo‘ljallangan karantin va o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi;
  • Sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida sog‘liqni saqlashni tashkil etish masalalari bo‘yicha rejalar bayonnomasi;
  • tibbiyot maqsadidagi dori vositalarini, tibbiy buyumlarni va yuqori texnologik davolash usullarini tartibga solish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi va O‘zbekiston Transport vazirligi o‘rtasida transport mashinasozligi sohasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi;
  • Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi va O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vazirligi o‘rtasida aviatsiya tizimlari sanoatini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish, shuningdek, ularni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish samaradorligini oshirishda qo‘llashning huquqiy asoslarini o‘rganish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • Butunrossiya tashqi savdo akademiyasining filialini ochish to‘g‘risidagi kelishuv;
  • Sberbank va O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi o‘rtasida turizm sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;
  • Sberbankning Toshkent shahrida pilot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi;
  • “Gazprom neft” kompaniyasi va O‘zbekiston Energetika vazirligi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;
  • O‘zbekistonda ustuvor loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bitim;
  • O‘zbekistonda agrologistika markazlarni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim.