Shavkat Mirziyoyev 27-may kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan tor doiradagi uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston rahbari matbuot xizmatining xabar qilishicha, “O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari” ko‘rib chiqildi.

Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.

Kreml matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinning tashrifi “tarixiy bo‘lishiga” ishonch bildirdi.

U Rossiya prezidentining ilk tashriflaridan birida O‘zbekistonni tanlagani uchun minnatdorlik bildirdi: “Bu O‘zbekistonga va ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan yuksak hurmatdir”.

O‘zbekiston prezidenti mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 10 milliard dollarga yetganini ta’kidladi. “Bu yilgi o‘sish 30 foizni tashkil etadi, bu — juda yaxshi ko‘rsatkich. Men va mening hamkasblarim yaqin kelajakda buni 20 milliardga yetkazish uchun harakatdamiz. Haqiqiy muvaffaqiyatlar mavjud”, — deydi u.

владимир пuтин, россия, шавкат мирзиёев

Shavkat Mirziyoyev tashrif doirasida ikki mamlakat mintaqalari forumini o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani uchun Vladimir Putinga minnatdorlik bildirdi. Unda 28 ta hudud yetakchilari ishtirok etadi.

“Biz hududlarga aralashmasdan, balki ularga yordam bersak, natijalar juda yuqori bo‘ladi. Demak, bugungi kun ijobiy natijalar beradi, deb o‘ylayman”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

Vladimir Putin: “Bunday vakillik delegatsiyasining O‘zbekistonga kelgani bejiz emas. Bu strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining o‘ziga xos xususiyatini ta’kidlaydi”.

“Iqtisodiy aloqalarning rivojlanish tempi haqiqatan ham juda ta’sirli”, — dedi Rossiya prezidenti. Biroq, Rossiya statistikasiga ko‘ra, savdo aylanmasi “biroz kamroq”. “Ammo, umuman olganda, biz sizning savdo aylanmangizning 15,5 foizini egallaymiz, bu — yaxshi natija. Ishonchim komilki, ayni sur’atni inobatga olgan holda bu ko‘proq bo‘ladi: joriy yilning birinchi choragida, bizning statistikamizga ko‘ra, temp juda qattiq: 20% dan ortiq. Bu — juda yaxshi natija”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“Sizning sa’y-harakatlaringiz, O‘zbekiston hukumatining sa’y-harakatlari tufayli savdo-iqtisodiy aloqalarimiz, ayniqsa, sanoat kooperatsiyasi va yuqori texnologiyalar sohasida istiqbolli tus olmoqda. Bu — eng muhimi. O‘zaro hamkorlikning an’anaviy yo‘nalishlari ham yaxshi darajada saqlanib, yaxshi sur’atlarda rivojlanmoqda”, — dedi Rossiya prezidenti.

U Shavkat Mirziyoyevning hududlar forumi o‘ta muhim yo‘nalish ekani, bu yerda, asosiysi, “odamlarni bezovta qilmaslik, sharoit yaratish” degan fikrga qo‘shildi. “Ishonchim komilki, bu haqiqatan ham savdo-iqtisodiy va gumanitar aloqalarimiz rivojiga hissa qo‘shadi, bunga hech qanday shubha yo‘q”, — dedi Vladimir Putin.

владимир пuтин, россия, шавкат мирзиёев

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, prezidentlar yetakchi korxonalarning qo‘shma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish yuzasidan kelishuvga erishdi.

Energetika, jumladan, atom energetikasi, qishloq xo‘jaligi, innovatsiyalar, migratsiya, xavfsizlik va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Ta’lim va muhandis kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonda Bauman nomidagi Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasining filiallarini ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Turli madaniy-gumanitar almashinuvlarning rivojlanishi yuqori baholandi. Tashrif davomida Madaniy hamkorlik dasturi qabul qilinadi.

Vladimir Putinning tashrifi arafasida parlament a’zolarining uchrashuvlari, siyosiy maslahatlashuvlar, “Innoprom” ko‘rgazmasi, ikki mamlakat yetakchi muhandislik-texnika oliy o‘quv yurtlari rektorlari va tibbiyot muassasalari rahbarlarining konferensiyalari bo‘lib o‘tdi. Rus san’ati haftaligi tadbirlari Toshkentda ham davom etmoqda.