Prezident farmoni bilan 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab budjet mablag‘lari hisobidan ta’lim kretidlari faqatgina oliy va professional ta’lim tashkilotlarining kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talaba va o‘quvchilarga ajratiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, ta’lim krediti miqdoriga ham o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Jumladan, keyingi o‘quv yilidan ta’lim krediti:

  • ️OTMlarning birinchi bosqich talabalari va PTT o‘quvchilari uchun — to‘lov-kontrakt summasi miqdorida;
  • ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun — fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi “3” dan past bo‘lgan taqdirda — umumiy summaning ko‘pi bilan 80 foizi miqdorida ajratiladi.

Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalar bundan farzandlari mustasno.

Bunda ta’lim krediti OTM talabalari uchun — talabalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Talabalarga shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish” (kontrakt.edu.uz) axborot tizimi va “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimida mavjud bo‘lganda beriladi.

PTT o‘quvchilari uchun esa — o‘quvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Professional ta’lim jarayonlarini boshqarish” (prof.edu.uz) axborot tizimida mavjud bo‘lganda ajratiladi.

2024/2025 o‘quv yili boshlangungacha ta’lim krediti olish uchun arizalarni “Ta’lim krediti” axborot tizimi (talim-krediti.mf.uz) va YAIDXP (my.gov.uz) orqali topshirish imkoniyati yaratiladi.