UzAuto Motors ehtiyot qismlar va butlovchi qismlar mavjudligi sababli Chevrolet Lacetti avtomobillarini ishlab chiqarishni davom ettirmoqda, deb xabar berdi “O‘zavtosanoat” matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Avtomobil ishlab chiqaruvchisi General Motors Global siyosati tufayli 2024-yilning yanvaridan Gentra (Lacetti) ishlab chiqarishni to‘xtatishni rejalashtirgandi.

“O‘zavtosanoat”ning aniqlik kiritishicha, butlovchi qismlar ishlab chiqarish yanvar oyidan to‘xtatilgan, biroq ular hali ham mavjud, shuning uchun Lacetti ishlab chiqarish davom etmoqda. Avtomobil ishlab chiqarish bosqichma-bosqich to‘xtatilmoqda, deya qo‘shimcha qildi kompaniya.

Yilning dastlabki to‘rt oyida kompaniya ushbu rusumdagi 10 954 dona avtomobil ishlab chiqargan (2023-yilning yanvar apreliga nisbatan deyarli 2 barobar kam). 21-may kuni Lacetti bo‘yicha 3200 ta shartnoma tuzilgan. Ishlab chiqarishni to‘xtatish rejalari 2022-yil dekabr oyida e’lon qilingandi.

Asaka avtomobil zavodida 2003-yilda Lacetti sedanining yirik blokli yig‘ilishi yo‘lga qo‘yilgan. 2008-yilda ushbu avtomobilni to‘liq ishlab chiqarish boshlandi. Besh yil o‘tgach, Gentra deb nomlanuvchi ushbu modelning yangilangan versiyasi taqdim etildi.