O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzurida Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etiladi. Bu prezidentning 24-maydagi qarorida nazarda tutilgan.

Qo‘mita Konchilik sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Kon-geologik va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi negizida tuziladi.

Inspeksiyaning o‘zi konchilik sanoati va geologiya nazorati inspeksiyasi etib qayta tashkil etilmoqda.

Inspeksiya funksiyalariInspeksiya funksiyalari

Qo‘mita yadro energiyasi va yadro texnologiyalari obyektlarida radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligi sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.

Qo‘mita tarkibiga 110 kishidan iborat shtat, shuningdek, yoqilg‘i quyish shoxobchalari, gaz quyish shoxobchalari, neft va gazni birlamchi qayta ishlash, magistral quvurlar va gaz inshootlari xavfsizligini ta’minlash, donni saqlashda sanoat xavfsizligi nazorat qilish, istirohat bog‘lari faoliyatini nazorat qilish va boshqa funksiyalari berilgan.

yadro xavfsizligi qo‘mitasi

Qo‘mita tarkibida yuridik shaxs tashkil etmagan holda davlat budjetidan moliyalashtiriladigan Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti tashkil etilmoqda.

Qo‘mita tarkibida davlat organi shaklidagi Radiatsiya va yadro xavfsizligi bo‘yicha ilmiy-texnika markazi ham bo‘ladi.

Qo‘mita mansabdor shaxslari davlat nazoratini amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:

  • qo‘mitaning nazorati ostidagi obyektlarga to‘sqinliksiz kirish;
  • xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
  • sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi talablariga rioya etmagan holda olib borilayotgan yoki baxtsiz hodisa va avariya sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ishlarni to‘xtatib turish, shuningdek, odamlar hayoti xavf ostida qolganda ularni ish joylaridan olib chiqish;
  • o‘z vakolatlari doirasida qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarini buzganlik uchun tashkilotlarning mansabdor shaxslari va jismoniy shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish.

Qo‘mitaning respublika hududlarida qurilayotgan va foydalanilayotgan atom energiyasidan foydalanish obyektlari holatining doimiy nazoratini ta’minlovchi xodimlarining joylashuvi bevosita mazkur obyektlarda amalga oshiriladi.

Qo‘mita huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan, budjetdan tashqari sanoat xavfsizligi sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi. Jamg‘arma sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishdan qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorlarda qo‘mitaga tushadigan, qo‘mita tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektlar, ularning mansabdor shaxslari va jismoniy shaxslardan sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi qonunchilik hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarini buzganlik uchun qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorlarda undiriladigan jarimalar summasining 40 foizi miqdoridagi mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.

Qo‘mitaga Energetika vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Atom energiyasi agentligi bilan birgalikda 2025-yil 1-sentabrga qadar respublikada atom energetikasining rivojlanish darajasi va xalqaro normalardan kelib chiqib, departamentning shtat birliklari sonini oshirish to‘g‘risidagi asoslangan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

2024-yil 1-dekabrga qadar xalqaro moliya institutlari va konsalting kompaniyalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilgan holda Qo‘mita faoliyatini rivojlangan davlatlarning sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi, liftlar va istirohat bog‘lari attraksionlari xavfsizligini nazorat qilish sohasidagi ilg‘or tajribasi asosida takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlash topshirildi.

Avvalroq Atom energetikasini rivojlantirish agentligi negizida Atom energiyasi agentligi tashkil etililayotgani, u Energetika vazirligidan Vazirlar Mahkamasiga o‘tishi haqida xabar berilgandi. Agentlik kompaniyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish, xo‘jalik jamiyatlari tashkil etish, iqtisodiyotdagi loyihalarni moliyalashtirish huquqini oladi.