O‘zbekistonda 2024−2025 o‘quv yili qabulidan boshlab davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinadi. Bu prezidentning “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Hujjata ko‘ra, parametrlarni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etiladi, bundan oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari mustasno.

Shuningdek, davlat buyurtmasi bo‘yicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik beriladi.

Davlat oliy ta’lim muassasalari uchun o‘rnatilgan tartib va shartlar bo‘yicha talabalar qabulini amalga oshiruvchi oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etishga ruxsat etiladi. Bunda tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bir talaba uchun ajratiladigan mablag‘ moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalarida bir talaba uchun to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdoridan oshmagan hajmda moliyalashtiriladi.

Davlat granti kvotalarining oliy ta’lim tashkilotlari kesimida taqsimoti tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarning tanlovi va to‘plagan ballariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Oliy ta’lim tashkilotlari moddiy-texnika bazasi, professor-o‘qituvchilari tarkibi va o‘quv-metodik ta’minotiga muvofiq, keyingi o‘quv yili uchun o‘z qabul parametrlarini shakllantiradi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etadi.

Vazirlik oliy ta’lim tashkilotlari qabul parametrlari asosliligini o‘rganadi hamda ularni ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga kiritadi.

Komissiya oliy ta’lim tashkilotlari, ta’lim shakllari va tillar kesimida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy qabul parametrlarini, imtiyozga ega abituriyentlar uchun qo‘shimcha qabul parametrlarini, maqsadli qabul kvotalarini hamda magistratura mutaxassisliklari qabul parametrlarini davlat granti va to‘lov-kontraktga ajratgan holda oliy ta’lim tashkilotlari va tillar kesimida tasdiqlab, Bilim va malakalarni baholash agentligiga taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yildagi prezident qaroriga muvofiq, 2019−2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga qabul oliy ma’lumotli xodimlarga talab yuqori bo‘lgan sohalar va iqtisodiyot jabhalari uchun davlat buyurtmasi asosida amalga oshirilishi haqida yozgandik.

2022-yilda esa OTMlarga qabul kvotalarini belgilashga oid prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi. Unda davlat buyurtmasi sonini kamaytirish taklif etilgan.