O‘zbekistonlik Damir Musayev AQShning Yel universitetining tibbiyot fakultetida genetika yo‘nalishi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, fan doktori bo‘ldi.

“Gazeta.uz” bilan suhbatda Musayev Samarqandda tug‘ilgani va 2010-yilda “ilm-fan va tibbiyotga sezilarli ta’sir ko‘rsatish maqsadida” AQShga ko‘chib ketganini aytdi. U shifokorlar oilasida o‘sgan va yoshligidan ilmiy kashfiyotlarga qiziqqan.

“Bobom va buvim Samarqand tibbiyot institutining professori bo‘lib, ilm-fan yo‘lida muvaffaqiyat qozonishimda o‘rnak bo‘lgan. 1 va 37-sonli maktablarda, shuningdek, Samarqand tibbiyot instituti qoshidagi 2-akademik litseyda tahsil oldim. Bedavo kasalliklarni davolashning yangi usullarini ishlab chiqishga bo‘lgan ishtiyoqim meni G‘arbiy Michigan universitetida (Western Michigan University) biotibbiyot fanlari bo‘yicha bakalavr darajasini olishimga sabab bo‘ldi”, — dedi u.

G‘arbiy Michigan universitetida Damir Musayev embrional rivojlanish va hujayra o‘sishini to‘xtatuvchi mutatsiyalarni o‘rgandi. Doktor Donald Keyn rahbarligida u CDC20 genidagi mutatsiya embrional rivojlanishni qanday qilib ootsit (ko‘payishda ishtirok etuvchi ayol jinsiy hujayrasi) urug‘lantirilgandan so‘ng 14 soat o‘tgach to‘xtatganini aniqladi.

Bakalavr darajasini olgach, u Rokfeller universitetining xususiy biotibbiyot tadqiqotiga qo‘shildi va u yerda bolalardagi tug‘ma miya kasalliklari genetikasini o‘rgandi. Rockefeller University 1901-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgacha fan bo‘yicha 26 nafar Nobel mukofoti laureati mazkur muassasa bilan ilm yo‘lini bog‘lagan.

“Uch yil davomida men 6000 nafar bemor kogortasida epilepsiya, autizm, mikrotsefaliya va boshqa shu kabi noyob neyrorivojlanish kasalliklari genetikasini o‘rgandim. Doktor Jozef Glison rahbarligida men 25 dan ortiq yangi genlarni ekzom ketma-ketligi yordamida neyrorivojlanish kasalliklari bilan bog‘ladim. “mRNK parchalanishi va translyatsiyasi, nevrologiya va inson genetikasi bo‘yicha 30 dan ortiq hamkorlikdagi ilmiy maqolalar muallifi bo‘ldim”, — dedi u.

дамир мuсаев, Yel uniверситети, doktorlik даражаси

2017-yilda u dunyodagi eng qadimgi va nufuzli universitetlardan biri bo‘lgan Yel universitetida o‘qishni boshladi. Universitet 1701-yilda tashkil etilgan va Nobel mukofotining 65 nafar laureati mazkur dargoh bilan bog‘langan. Universitet, ayniqsa, mRNK biologiyasi sohasidagi tadqiqot dasturlari bilan mashhur.

“Bu yerda doktor Antonio Xiraldesning laboratoriyasida men har qanday tirik organizmdagi barcha oqsillarni sintez qilish uchun zarur bo‘lgan mRNK deb nomlangan molekulalarni o‘rgandim. Men mRNK parchalanishini tartibga solishning yangi mexanizmini kashf qildim, uni yaqinda xalqaro jurnalda e’lon qildim. Faoliyatim irsiy kasalliklarni davolashning yangi usullarini ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega”, — dedi Damir Musayev.

Kelajakda u neyrorivojlanish buzilishi bilan og‘rigan bemorlarda genlarni tartibga solishni nazorat qilish uchun terapevtik usullarni ishlab chiqmoqchi.

“Menga ishonib, ilmiy yo‘limda qo‘llab-quvvatlagan ota-onam, shifokorlar Ulug‘bek Musayev va Muhabbat Aminovaga minnatdorlik bildiraman”, — deydi u.

2005-yilda professor Rustam Ibragimov Yel universitetida iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasini olgandi. Damir Musayev fan va tibbiyot fanlari doktori ilmiy darajasini olgan o‘zbekistonlik birinchi talaba bo‘ldi.

Avvalroq iqtisodchi Botir Qobilov AQShdagi Garvard biznes maktabida doktorlik darajasini olgan birinchi o‘zbekistonlik bo‘lgani haqida yozgandik. “Gazeta.uz” kolumnisti sifatida uning iqtisodiyot, ekologiya va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega mavzulardagi 10 dan ortiq maqolalari e’lon qilingan.