Shavkat Mirziyoyev 24-may kuni maktab ta’limini bitirayotgan o‘quvchilarga tabrik yo‘lladi.

“Bugun o‘z bilim va iste’dodi, kuch-g‘ayratini Yangi O‘zbekiston bunyodkori, jonajon yurtimizga munosib farzand bo‘lishdek ezgu maqsadga baxsh etishga bel bog‘lagan sizlar kabi navqiron yoshlarni maktab ta’limini muvaffaqiyatli tugatayotganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman”, — deya boshladi u tabrik xatini.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, barcha maktablarda “so‘nggi qo‘ng‘iroq”lar jaranglab, minglab yoshlar katta hayotga yo‘llanma olmoqda, ular “ulkan imkoniyatlar taqdim etadigan butunlay yangi hayot” ostonasida turibdi.

“Bu yo‘lda tinimsiz izlanib, yangi marralar sari talpinish, dadillik va o‘zingizga qat’iy ishonch hissi doimo hamrohingiz bo‘lishi lozim. Hamisha yodingizda tuting, har biringiz o‘ziga xos iste’dod sohibisiz, ularni ro‘yobga chiqarish esa avvalo o‘zingizga, tinimsiz intilish va izlanishlaringizga bog‘liq”, — deya qayd etdi prezident.

Shavkat Mirziyoyev bitiruvchilar safida o‘qishni oltin va kumush medallar bilan tamomlayotgan yuzlab o‘quvchilar borligiga to‘xtaldi. Keyingi yillarda O‘zbekiston yoshlari turli fanlar, sport, san’at va adabiyot sohalarida o‘zining chuqur bilim va qobiliyatini namoyon qilayotgani ta’kidlandi.

“Hayotda yuksak marralarni ko‘zlab turgan bunday serg‘ayrat va bilimdon farzandlarimizni yurtimizdagi millionlab o‘g‘il-qizlarimizga o‘rnak qilib ko‘rsatsak, arziydi”, — dedi u.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, mamlakat kelajagi, uning taqdiri va taraqqiyoti yoshlarning qo‘lida, shu sababli ularni “barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga juda katta e’tibor qaratilmoqda”.

“Ular ertaga O‘zbekistonni yanada kuchli, rivojlangan va baxtli davlatga aylantirish uchun o‘zlarining bor bilimi, iqtidori va kuch-g‘ayratini safarbar qilsa, ko‘zlagan maqsadlarimizga albatta erishamiz”, — deyiladi prezident tabrigida.

Shavkat Mirziyoyev yoshlarga hech qachon orzu qilishdan to‘xtamaslikni aytdi: “Katta maqsadlar yo‘lida imkoniyatlaringizni sinab ko‘rishdan, bu yo‘lda xato qilish va ulardan saboq olishdan qo‘rqmang. Chunki xalqimiz sizlarga katta umid va ishonch bilan qaramoqda”.

“Sizlarning yangi g‘oya va tashabbuslaringiz, ishtiyoqingiz va kuchingiz nafaqat O‘zbekistonni, balki butun dunyoni o‘zgartirishi mumkin. Shuning uchun har qanday holatda ham o‘z oldingizga qo‘ygan ezgu maqsadingizdan ortga chekinmang”, — deya ta’kidladi prezident.