AQSh Davlat departamenti “xorijiy agentlar” qonunining qabul qilinishi munosabati bilan Gruziya uchun viza cheklash siyosatini joriy qilayotganini bildirdi.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken o‘z bayonotida cheklovlar Gruziyadagi “demokratiyaga putur yetkazish”da aybdor bo‘lganlar yoki ularning sheriklari hamda oila a’zolariga nisbatan qo‘llanishini aytdi. Bularga Gruziyada fuqarolik jamiyati va tinch yig‘ilishlar erkinligini zo‘ravonlik yoki qo‘rqitish orqali bostirish uchun mas’ul shaxslar kiradi.

“Kim Gruziyadagi demokratik jarayonlar yoki institutlarga putur yetkazsa, shu jumladan, 2024-yilning oktabr oyida Gruziyadagi [parlament] saylovlari oldidan, jarayon davomida va undan keyin ham — ushbu siyosat bo‘yicha AQSh vizalariga ega emas deb topilishi va Qo‘shma Shtatlarga tashrif buyurish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkin. — dedi Blinken.

Bayonotda aytilishicha, AQSh nuqtai nazariga ko‘ra, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi tomonidan ishlab chiqilgan va qabul qilingan “xorijiy agentlar” qonuni uyushmalar erkinligini pasaytiradi va mustaqil matbuot faoliyatiga to‘sqinlik qiladi.

Bundan tashqari, AQSh qonunga qarshi boshlangan ommaviy noroziliklarni bostirish uchun “qo‘rqitish va zo‘ravonlik kampaniyasining aniq belgilarini” ko‘rgan. Bularning barchasi Gruziya Konstitutsiyasida qayd etilgan maqsadga — Yevro-Atlantika hamjamiyatiga integratsiya va AQSh bilan strategik sheriklikka ziddir, deyiladi bayonotda.

Blinken, shuningdek, Vashington AQSh va Gruziya o‘rtasidagi munosabatlarni har tomonlama ko‘rib chiqishni boshlaganini e’lon qildi. “Biz Gruziya rahbariyati qonun loyihasini qayta ko‘rib chiqib, o‘z mamlakatlarining demokratik va Yevro-Atlantika intilishlarini ilgari surish uchun choralar ko‘rishiga umid qilamiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni ko‘rib chiqar ekanmiz, biz Gruziyaning harakatlarini hisobga olamiz”, — deya qo‘shimcha qildi AQSh davlat kotibi.

“Xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun

Ommaviy noroziliklarga qaramay, 14-may kuni Gruziya parlamenti “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonunni oxirgi o‘qishda ma’qullagandi. Hujjat mamlakatda aprel oyi o‘rtalaridan beri davom etayotgan ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan. Muxolifat vakillari va mahalliy ommaviy axborot vositalarining fikricha, qonun “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi Rossiya qonunchiligini takrorlaydi va mamlakatdagi demokratiyaga putur yetkazishi va uning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish imkoniyatlarini izdan chiqarishi mumkin.

Hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi qonunni ikkinchi bor parlament muhokamasiga olib chiqdi. Loyiha 2023-yilning fevralida ko‘rib chiqilgan, biroq noroziliklar tufayli qaytarib olingan.

Hujjat 20 foizdan ko‘proq mablag‘ni xorijdan olayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarini “xorijiy davlat manfaatlariga xizmat qiluvchi tashkilot” sifatida davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyatini yuklaydi. Gruziya bosh vaziri Irakli Kobaxidzening fikricha, qonun grant oluvchilarning moliyaviy shaffofligini ta’minlash uchun zarur.

Yaqinda Yevropa Ittifoqining to‘rtta davlati “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun tufayli Gruziyaga qarshi sanksiyalar qo‘llashni taklif qilishi haqida yozgandik. Estoniya, Niderlandiya, Chexiya va Shvetsiya YeI tashqi ishlar vazirlarining may oyi oxirida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida cheklovchi choralarni muhokama qilishni boshlaydi, deya qayd etgan FT o‘z manbalarga tayanib. Ehtimoliy variantlar orasida Gruziya fuqarolari uchun YeIda vizasiz rejimni bekor qilish (2017-yildan beri amalda), maqsadli sanksiyalar va YeI fondlari mablag‘larini muzlatish bor.