23-mayga o‘tar kechasi Rossiyaning Moskva viloyatida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Qayd etilishicha, holat Istra shahri Padikovo qishlog‘ida joylashgan yotoqxonada yuz bergan.

O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi konsullik bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, yonib ketgan uyda 20 ga yaqin xorijlik yashagan, ulardan 11 nafari O‘zbekiston fuqarolari sanaladi.

Yong‘in oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan, hozirda ularning shaxsi aniqlanmoqda. Halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor. Yog‘in oqibatida vafot etganlarning shaxsini aniqlash uchun Istra shahri sud-tibbiyot ekspertizasi byurosi tomonidan o‘rganishlar olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Ish bo‘yicha tergov organi tomonidan Rossiya Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sabab bo‘lish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Vaziyat elchixonaning konsullik bo‘limi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasi nazoratida ostida ekani ma’lum qilindi.