O‘zbekistonda sodir etgan jinoyatlari uchun qidiruvda bo‘lgan shaxs Turkiyadan O‘zbekisonga deportatsiya qilindi. Bu haqda mamlakatning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabar berdi.

Turkiya va O‘zbekiston IIVlari hamkorligida 6-may kuni Istanbul shahrida navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda firibgarlik va odam savdosi jinoyatlarini sodir etganlikda ayblanib qidiruvda bo‘lgan Ozod Raximov Sadulloyevich (1979-yilda tug‘ilgan) qo‘lga olingan.

Avval xabar berilganidek, Ozod Raximov Samarqand viloyatida fuqarolarning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirishda, shuningdek, Istanbul shahrida bo‘lgan davrida 2022−2023-yillar mobaynida bir qancha O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarini Turkiya-Ispaniya-Nikaragua-Meksika yo‘nalishi bo‘ylab AQShga yuborishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan ularning har biridan 10−15 ming AQSh dollari olib, va’dasini bajarmasdan, o‘zining shaxsiy manfaatlariga ishlatib yuborganlikda ayblanmoqda.

23-may kuni u Bosh konsulxona xodimlari ishtirokida O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Xabarda ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan Bosh konsulxonaga yoki IIVga murojaat qilish so‘raladi.

Shu bilan birga, keyingi vaqtlarda AQSh, Kanada yoki Yevropa davlatlariga borish uchun viza rasmiylashtirib berish vaji bilan firibgarlik sodir etish holatlari yuzasidan murojaatlar soni ortib bormoqda, deya qo‘shimcha qilindi xabarda. Bosh konsulxona fuqarolardan ogoh bo‘lishni so‘radi.