Markaziy bank 2024-yilning birinchi yarmida moliya tizimida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tizimli risklarni aniqlash maqsadida 35 ta tijorat banki o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi.

Respondentlar moliyaviy tizimga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan beshta asosiy tizimli xavfni sanadi:

  • valyuta kursining keskin o‘zgaruvchanligi — 77 foiz;
  • inflyatsiya sur’atining tezlashishi — 51 foiz;
  • tashqi geosiyosiy xatarlarning yanada kuchayishi — 49 foiz;
  • aholi qarz yukining oshishi — 46 foiz;
  • kiberhujumlar bilan bog‘liq xavflar — 46 foiz.

Respondentlar, shuningdek, quyidagi masalalar bo‘yicha ham xavotir bildirdi:

  • iqlim o‘zgarishi xavflari;
  • iqtisodiy pasayish;
  • likvidlilik bilan bog‘liq muammolar;
  • sanksiyalar xavfi;
  • ko‘chmas mulk narxlarining keskin pasayishi;
  • aktivlarning konsentratsiyasi;
  • yirik qarz oluvchilarning defolti va boshqalar.

Regulyator, shuningdek, tizimli xavflarning yuzaga kelish ehtimolini baholash uchun so‘rov o‘tkazdi. Respondentlarning 66 foizi moliyaviy tizimda qisqa muddatda (0−12 oy) tizimli risklar yuzaga kelishi ehtimoldan yiroq, deb hisoblashini aytdi.

Taxminan 10 foizi bu ehtimolni juda yuqori deb baholaydi. Respondentlarning 54 foizi o‘rta muddatda (1−3 yil) buning sodir bo‘lish ehtimoliy darajasini o‘rtacha deb baholaydi.

markaziy bank, valyuta kursi

Respondentlarning qariyb 57 foizi keyingi 1−3 yil ichida (48 foizi — qisqa muddatda) xavflar yuzaga kelishi ehtimoli oldingi davrga nisbatan o‘zgarmagan deb hisoblaydi. Respondentlarning 38 foizi ortgan deb hisoblaydi (0−12 oy).

Respondentlarning 74 foizi moliyaviy tizimning keyingi uch yil ichida barqarorligiga yetarlicha ishonadi, 23 foizi qisman ishonadi.

23-aprel kuni Markaziy bank tomonidan belgilangan AQSh dollarining kursi 12 700 so‘mdan oshgandi. Yil boshidan buyon milliy valyuta 3 foizga qadrsizlandi. 27-may holatiga ko‘ra, kurs 12704,67 so‘m etib belgilandi.

Avvalroq iqtisodchi Mirkomil Xolboyev O‘zbekiston milliy valyutasining nisbatan tez qadrsizlanishi sabablarini tahlil qilib, o‘tgan yilning avgust oyida bo‘lgani kabi bu “real kursning to‘g‘rilanishi"mi yoki yo‘qligi haqida so‘z yuritgan edi.