Samarqandlik 28 yoshli fuqaro O‘zbekiston prezidentini haqoratlagani uchun jazoga tortildi. 8-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Ishtixon tumani sudining ochiq sud majlisida fuqaroga hukm o‘qildi. “Gazeta.uz” sud qarorini o‘rgandi.

Ish materiallariga ko‘ra, Olmaliq shahrida yashovchi 28 yoshli (Ishtixon tumanida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, oilali, ikki farzandning otasi, farmatsevtika korxonasi rahbari) erkak 2023-yil 2-maydan 31-avgustgacha “samopharmrealist9” Instagram akkaunti orqali Shavkat Mirziyoyev aks etgan to‘rtta videolavha ostida haqoratomuz izohlar qoldirgan. Lavhalar orasida davlat rahbarining xonanda Yulduz Usmonova bilan tushgan surati va Saida Mirziyoyevaning prezidentning o‘zbek xalqini paxta qulligidan xalos qilish orzusi haqida gapirgan videosi bor.

Sud qarorida O‘zbekistonda quyidagi hujjatlarga asosan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun barcha shart-sharoit yaratilgani ta’kidlangan. Bular:

  • 2016-yil 15-sentabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonun;
  • prezidentning 2017-yil 15-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni;
  • prezidentning 2018-yil 27-iyundagi ““Yoshlar — kelajagimiz” davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni;
  • Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-avgustdagi “Oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”ga qarori;
  • prezidentning 2022-yil 28-yanvardagi “2022−2026-yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni.

“Shunga qaramasdan, bu shaxs o‘z aybi bilan hech narsaga erisha olmayotganida hukumatni aybdor qilish orqali yoshlar ongida separatistik fikrni shakllantirishga qaratilgan g‘oyalarini ilgari surgan… qo‘pol va uyatli so‘zlar bilan haqoratlab, amalda isboti bo‘lmagan, tuhmatdan iborat postlar qoldirgan…”, deyiladi sud hukmnomasida.

Sudlanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini bildirgan. Uning aytishicha, Toshkent viloyatida dorixona ochib faoliyat yuritgan vaqtida soliq inspeksiyasi xodimlari ko‘p marotaba unga jarima solganidan jahli chiqib, Iprezidentning Instagram`dagi video va fotosuratlariga jahl ustida xaqoratli so‘zlar bilan turli izohlarni qoldirgan.

Fuqaro sudda aybiga iqror bo‘ldi. Sud unga nisbatan jazo turi va miqdorini belgilashda fuqaroning aybiga to‘liq iqrorligini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini ham hisobga oldi.

U Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismi (O‘zbekiston prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda uni haqoratlash yoki unga tuhmat qilish; 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan aybdor deb topildi.

Sud erkakka nisbatan ish haqining 20 foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yilu 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Jazo Olmaliq tumani IIB probatsiya guruhi tomonidan o‘z ish joyida o‘tattirilishi belgilandi.

Sud Raqamli texnologiyalar vazirligiga erkakning Instagram akkauntiga kirishni cheklashni, shuningdek, Samsung Galaxy A53 telefonini davlat hisobiga musodara qilishni topshirdi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil mart oyida Jinoyat kodeksi telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internetdan foydalangan holda prezidentni ommaviy haqoratlash yoki tuhmat qilish uchun javobgarlikni belgilovchi modda bilan to‘ldirilgan.

2023-yil oktabr oyida sud Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi 19 yoshli yigitni Instagram`da Shavkat Mirziyoyevga nisbatan haqoratli fikr yozgani uchun 2 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilgandi. Sudya, shuningdek, sudlanuvchining ushbu ijtimoiy tarmoqdagi akkauntini bloklashga qaror qilgan. O‘shanda “Gazeta.uz” mazkur modda bo‘yicha 10 ga yaqin sud qarorini o‘rganib chiqqan va bu ko‘p oylardan buyon prezidentni haqorat qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilgan birinchi sud qarori ekanini aniqlagan.

Shuningdek, 2024-yil mart oyida sud Erondan qaytgan 27 yoshli namanganlik fuqaroni Facebook`da prezident Shavkat Mirziyoyevga nisbatan tuhmat va haqoratli izohlar yozgani uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi.