Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida 21-may kuni sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida SamDUning 4-bosqich talabasi halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi. Viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga holatni tasdiqladi.

Talabaning vafoti haqida Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi xabar berdi. Marhum tashkilotning pedagogik ta’lim yo‘nalishi koordinatori bo‘lgan.

YHXBning ma’lumot berishicha, soat 23:30 atrofida Talabalar xiyoboni ko‘chasidagi piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan yigitni Nexia-2 mashinasi urib ketgan. U shifoxonada vafot etgan.

Kun.uz ijtimoiy tarmoqdagi izohlarga tayanib, talaba yigitni poyga uyushtirgan mashinalardan biri urib yuborgan bo‘lishi mumkinligini yozmoqda.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi YHXB xabarda.