O‘zbekiston va Ozarbayjon qo‘shma tijoriy onlayn platformani yaratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Gubada bo‘lib o‘tgan II Ozarbayjon-O‘zbekiston mintaqalararo forumi davomida ma’lum qildi, deb yozmoqda Trend.

“Bu ham savdo operatsiyalarini amalga oshirish, ham birgalikda investitsiya loyihalarini boshlashda biznesmenlar bir-birlarini bemalol topishlari mumkin bo‘lgan savdo platformasi bo‘ladi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, platformani ishga tushirish orqali Ozarbayjon va O‘zbekiston ikki davlat tadbirkorlariga “kerakli sheriklar topish va yangi savdo-iqtisodiy hamkorlik loyihalarini yaratish” imkonini beruvchi qo‘shimcha vosita yaratishi mumkin.

лазиз кuдратов, микаил жабборов, озарбайжон

Vazir, shuningdek, avgust oyida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi rejalashtirilganini aytdi.

“Ushbu tashrif davomida munosabatlarimizga yanada yuksak mavqe va daraja baxsh etadigan jiddiy natijalarga erishiladi”, — dedi u.

ISSV rahbari O‘zbekiston Ozarbayjon infratuzilmasi orqali yuk tashishni faol oshirayotganini va joriy yilda bu yo‘nalishda 1 million tonnadan ortiq O‘zbekiston yuki tashilishini ta’kidladi. Birinchi chorakda bu ko‘rsatkich 300 ming tonnani tashkil etdi.

“Ozarbayjon tomoniga o‘zbek kompaniyalariga ko‘rsatilayotgan imtiyoz va preferensiyalar uchun minnatdormiz, buning natijasida biz ushbu yo‘nalishdan tobora ko‘proq foydalanmoqdamiz”, — dedi u.

Laziz Kudratov Ozarbayjon bilan neft-kimyo mahsulotlari va uglevodorodlar sohasida qo‘shma savdo kompaniyasi tashkil etilganini ma’lum qildi.

“Endi biz Ozarbayjondan polimer mahsulotlari eksportini oshirmoqchimiz. Bundan tashqari, hozirda qo‘shma loyihalar paketi faol rivojlanmoqda. Ular tovar ayirboshlash hajmini oshirishda ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi”, — dedi u.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, gap to‘qimachilik, ipakchilik, qishloq xo‘jaligi, maishiy texnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalardagi loyihalar haqida bormoqda.

“Bu loyihalar savdo aylanmasini ham oshiradi. Shunga ko‘ra, yaqin 1−2 yil ichida bu darajaga [yiliga 1 milliard dollar] yetishini kutamiz va ishonamiz”, — dedi Kudratov.

Mikail Jabborov. Foto: ISSV.Mikail Jabborov. Foto: ISSV.

Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov O‘zbekiston bilan birgalikda “Ozarbayjonning ozod qilingan hududlarida to‘qimachilik sohasida hamkorlikda ish olib borish rejalashtirilayotganini” aytdi.

Ma’lum qilinishicha, forum doirasida Ozarbayjon va O‘zbekiston shaharlari, xususan, Fizuli va Guliston, Bilasuvar va Termiz, Mingechevir va Namangan shaharlari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha kelishuvlar imzolangan.

Avvalroq Laziz Kudratov “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi Ozarbayjonda gaz qazib olish loyihasiga kirishi mumkinligini aytgandi. Gap Kaspiy dengizidagi “Shah-Deniz” loyihasi haqida ketmoqda.