Namanganda o‘zini hokimlik ishchisiman deya obodonlashtirish xodimlarining nomiga onlayn kredit rasmiylashtirgan shaxs qo‘lga olindi, deya xabar qilmoqda Kiberxavfsizlik markazi.

Ma’lum qilinishicha, Namangan viloyatida yashovchi ayollar G. X., D.J., M.T hamda K.M. IIOga murojaat qilib, noma’lum sabablarga ko‘ra ularning nomlariga onlayn kredit rasmiylashtirilganini ma’lum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Namangan viloyatida yashovchi 22 yoshli T.M. sodir etgani aniqlandi.

Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan T.M., jabrlanuvchilar G. X., D.J., M.T hamda K.M.lar Namangan shahar Chorsu mehmonxonasi oldida ishlab yurishgan vaqtida T.M. ularning oldiga kelib, o‘zini hokimlik ishchisi ekanini hamda Namangan shahar hokimligi tomonidan moddiy yordam olib berishini aytib, obodonlashtirish boshqarmasi ishchilarini pasport ma’lumotlari va rasmlarini olib, ularning nomiga jami 46 mln so‘m miqdorida onlayn mikroqarz rasmiylashtirgani ma’lum bo‘ldi.

Holat yuzasidan T.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi (Ancha miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qonunga muvofiq, Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.