Yevropa Ittifoqining bir qancha davlatlari yaqinda qabul qilingan “xorijiy agentlar to‘g‘risida"gi qonun tufayli Gruziyaga qarshi sanksiyalar joriy etishni talab qilmoqda, deb yozdi Financial Times (FT).

“Yevropa Ittifoqiga kirishga nomzod mamlakat Gruziya Bryusselning ogohlantirishlariga va bir necha oylik ko‘cha namoyishlariga e’tibor qilmay, Rossiyada amalda bo‘lgan qonunga o‘xshash munozarali qonunni ilgari surmoqda, bu esa chetdan moliyalashtirilgan ommaviy axborot vositalari va inson huquqlari guruhlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni talab qiladi”, — deyiladi materialda.

Estoniya, Niderlandiya, Chexiya va Shvetsiya YeI tashqi ishlar vazirlarining may oyi oxirida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida cheklovchi choralarni muhokama qilishni boshlaydi, deya qayd etadi FT o‘z manbalarga tayanib. Ehtimoliy variantlar orasida Gruziya fuqarolari uchun YeIda vizasiz rejimni bekor qilish (2017-yildan beri amalda), maqsadli sanksiyalar va YeI fondlari mablag‘larini muzlatish bor.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqining ayrim a’zolari vizasiz rejimning to‘xtatilishi “noxush oqibatlarga olib kelishi"dan xavotirda, deb yozadi nashr. “Noto‘g‘ri odamlarni nishonga olishdan ehtiyot bo‘lish kerak”, — dedi yevropalik diplomatlardan biri gazetaga.

  • 14-may kuni Gruziya parlamenti “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida"gi qonunni oxirgi o‘qishda ma’qulladi. Hujjat mamlakatda aprel oyi o‘rtalaridan beri davom etayotgan ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi. Muxolifat vakillari va mahalliy ommaviy axborot vositalarining fikricha, qonun “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi Rossiya qonunchiligini takrorlaydi va mamlakatdagi demokratiyaga putur yetkazishi va uning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish imkoniyatlarini izdan chiqarishi mumkin.
  • Hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi qonunni ikkinchi bor parlament muhokamasiga olib chiqdi. Loyiha 2023-yilning fevralida ko‘rib chiqilgan, biroq noroziliklar tufayli qaytarib olingan.
  • Hujjat 20 foizdan ko‘proq mablag‘ni xorijdan olayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarini “xorijiy davlat manfaatlariga xizmat qiluvchi tashkilot” sifatida davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyatini yuklaydi. Gruziya bosh vaziri Irakli Kobaxidzening fikricha, qonun grant oluvchilarning moliyaviy shaffofligini ta’minlash uchun zarur.