Vazirlar Mahkamasining 18-maydagi qaroriga asosan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi huzurida Mahallalar faoliyatini rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Hujjat bilan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining budjetdan tashqari “Obod va xavfsiz mahalla” jamg‘armasi to‘xtatilmoqda, deya yozmoqda Norma.uz.

Mahallalar faoliyatini rag‘batlantirish jamg‘armasiga Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan “Navbahor” sanatoriy dam olish maskani rivojlantirish uchun “Aloqa bank”dan olingan kreditining qolgan qismini to‘lash majburiyati bilan birgalikda bepul beriladi.

Mahallalar uyushmasiga ikki oy muddatda mahallalar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha aholi murojaatlari uchun call-markaz ochish topshirildi. Uyushma huzurida “Mahalla” media-markazi, “Mahalla” press-klubi hamda uyushma tizimidagi xodimlarining malakasini oshirish va mahallalarni metodik ta’minlash o‘quv-uslubiy markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Quyidagilar jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:

  • umumxalq xayriya hasharidan tushadigan tushumlarning 10 foizi;
  • tizim tashkilotlarining sof foydasidan 10 foizi;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari va boshqalar;

Jamg‘arma mablag‘lari quyidagilar uchun ishlatilishi mumkin:

  • mahallalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mahalla tizimini rivojlantirish;
  • “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini to‘laqonli va samarali joriy etish;
  • “Mahalla yettiligi” a’zolarini o‘qitish, malakasini oshirish hamda ular orasida o‘z faoliyati namunali tashkil etganlarni rag‘batlantirish va boshqalar.

Jamg‘arma mablag‘larini uyushma rahbari (Qahramon Quronboyev) o‘zi boshqaradi va taqsimlaydi. Jamg‘arma mablag‘lari uyushma raisi tomonidan tasdiqlangan hamda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq tegishli shaxsiy g‘azna hisobvaraqlaridan sarflanadi. Joriy yilda foydalanilmagan jamg‘arma mablag‘lari davlat budjetiga olib qo‘yilmaydi va kelgusi yilda foydalanishga topshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyevning 21-dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan Respublika mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari, tuman va shaharlar bo‘limlariga ega Mahallalar uyushmasi tashkil etilishi xabar qilingandi.