Eron hukumati prezident Ibrohim Raisiy va uning delegatsiyasining vertolyot qulashida halok bo‘lgani munosabati bilan bayonot berdi.

“Eron xalqining mehnatsevar va tinim bilmagan prezidenti, mamlakatning rivojlanishi va taraqqiyoti yo‘lida Eronning buyuk xalqiga xizmat qilishdan boshqa hech narsa qilmadi, va’dasini bajardi va millat uchun o‘z hayotini qurbon qildi”, — deyiladi bayonotda (Mehr keltirgan iqtibos).

Hukumat Eron xalqini “xizmat yo‘li” davom etishiga va mamlakat boshqaruvida “uzilishlar” bo‘lmasligiga ishontirdi.

эрон, иброҳим раисий

Muhammad Moxber. Foto: Wikimedia Commons.

Raisiyning vafoti munosabati bilan Eron prezidentining vazifalari uning birinchi vitse-prezidenti Muhammad Moxberga o‘tdi. Bu tartib mamlakat konstitutsiyasida nazarda tutilgan, deb yozmoqda Reuters. Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy prezident vazifasini bajaruvchini tasdiqlashi kerak.

Muvaqqat prezident sifatida Moxber parlament spikeri va sud hokimiyati rahbari bilan birga prezident vafotidan keyin 50 kun ichida yangi prezidentlik saylovlarini tashkil qiluvchi uch a’zolik kengashdan joy oladi.

  • Ibrohim Raisiyning vertolyoti 19-may kuni Eron shimoli-g‘arbidagi tog‘li hududda qulab tushdi. Raisiy Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev ham ishtirok etgan Ozarbayjon bilan chegaradagi Araks daryosidagi to‘g‘onning ochilish marosimidan qaytayotgan edi. Voqea joyidan olingan kadrlarda vertolyotning tog‘ cho‘qqisiga qulaganini ko‘rish mumkin. Halokat sabablari haqida hozircha rasmiy ma’lumot yo‘q.
  • Ibrohim Raisiy 1960-yilda Mashhad shahrida tug‘ilgan. 1980-yillarda u prokuror o‘rinbosari, keyinroq Tehronda prokuror bo‘lib ishlagan. 1988-yilda u Eron poytaxtida minglab siyosiy mahbuslarni qatl etgan maxsus komissiya tarkibiga kirgan.
  • 2017-yilda u Eron prezidentligi uchun kurashgan, biroq o‘sha paytdagi prezident Hasan Ruhoniyga yutqazgan. 2021-yilgi navbatdagi prezidentlik saylovlarida Raisiy g‘alaba qozongandi.