Prezident 13-may kuni “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi faoliyatini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Markaz hududida O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarga Afg‘oniston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun tasdiqnoma olmasdan mehnat shartnomalari asosida ishga qabul qilishga ruxsat etiladi.

Afg‘oniston va Pokiston fuqarolariga savdo do‘konlari, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bino va inshootlarni ijaraga olish, shuningdek, istisno tariqasida mulk huquqi bilan sotib olish huquqi beriladi. Bunda yer uchastkasiga bo‘lgan huquq ijara huquqi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak.

Bundan tashqari, markaz hududida ulgurji va chakana savdoda to‘lov vositasi sifatida istisno tariqasida o‘zbek so‘mi bilan bir qatorda AQSh dollari, Rossiya rubli, yevro va yuan valyutalarini qabul qilishga ruxsat berildi. Bunda qabul qilingan naqd xorijiy valyuta markazda tashkil etilgan tijorat banklari filiallari orqali markazda faoliyat yuritadigan yuridik shaxslarning hisobvaraqlariga o‘tkazilishi shart.

Shuningdek, markaz hududida tashkil etiladigan tibbiyot klinikasi Afg‘oniston fuqarolariga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Ushbu klinikada davolash imkoni bo‘lmagan og‘ir turdagi kasalliklarga chalingan bemorlarga O‘zbekiston hududida joylashgan davlat va nodavlat tibbiyot muassasalarida davolanish uchun tibbiy kirish vizalarini olish uchun yo‘llanma beriladi.

O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar markaz hududiga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar asosida nazorat-o‘tkazish punktlarida tekshiruvdan o‘tkazilgandan so‘ng kiritiladi. Ularga markaz hududida tashkil etilgan barcha xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Hujjat bilan chet el fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekistonga kirish vizasini rasmiylashtirmasdan, chegara va bojxona nazoratidan o‘tgan holda maxsus yo‘lak orqali kirishi (chiqishi) hamda 15 kun muddatgacha markaz hududida bo‘lishi tartibi joriy etiladi.

Savdo do‘konlari, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bino va inshootlarni olgan, shuningdek, shartnoma asosida ishlash, ta’lim muassasalarida o‘qish, bank filiallarida faoliyat yuritish, savdo-sotiq va boshqa faoliyat turi bilan shug‘ullanish maqsadida kelayotgan mamlakatda 15 kundan ortiq qolishni rejalashtirgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekistonga kirish vizasini rasmiylashtirgan holda kirishi talab qilinadi.