Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni BMT bosh kotibi o‘rinbosari — Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkovni qabul qildi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Vladimir Voronkov mamlakatga qaytarilganlarni reabilitatsiya qilish va jamiyatga reintegratsiya qilish bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun kelgan.

Tomonlar O‘zbekistonning BMT institutlari va tuzilmalari bilan, eng avvalo, terrorizm va boshqa transmilliy xatar va tahdidlarga qarshi kurash sohasidagi amaliy hamkorligini rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Vladimir Voronkov O‘zbekiston tomoniga Mintaqaviy ekspertlar kengashini tashkil etish tashabbusini amalga oshirgani uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu mexanizmning Toshkentda o‘tkazilgan birinchi yig‘ilishining muvaffaqiyatli natijalari qayd etildi.

BMT bosh kotibi o‘rinbosari, shuningdek, O‘zbekistonning mojarolar hududlaridan fuqarolarni qaytarish, ularni reabilitatsiya qilish va jamiyatga qayta integratsiya qilish, jumladan, bunda mahalla instituti imkoniyatlari va salohiyatidan foydalanish bo‘yicha sa’y-harakatlarini yuqori baholadi, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston va BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini nazarda tutuvchi 2024−2025-yillarga mo‘ljallangan yangilangan “yo‘l xaritasi” imzolangani qayd etildi.

Tomonlar yoshlarni ekstremizm va terrorizm g‘oyalarining buzg‘unchi ta’siridan himoya qilish, kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni kengaytirish va BMT institutlarida yosh mutaxassislar uchun stajirovkalar tashkil etishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Afg‘oniston masalasi yuzasidan fikr almashildi. Bu mamlakatdagi vaziyatga xalqaro e’tiborni kuchaytirish, afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.