Toshkent shahridagi davlat xizmatlari markazlarining nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun qay darajada imkonli ekanligi yuzasidan o‘tkazilgan mustaqil monitoring ularning turli shakldagi nogironligi bo‘lgan fuqarolarga xizmat ko‘rsatishga shaylik darajasi turlicha ekanligini ko‘rsatdi. Nima uchun bir shaharda davlat xizmatlari turlicha taqdim etilmoqda? “Gazeta.uz” kolumnisti Dilmurod Yusupov nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatishning yagona standartini joriy etish orqali muammoni hal qilish mumkin, deb hisoblaydi.

Bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa zaif qatlamlariga zarur xizmatlar ko‘rsatishda davlat xizmatlari markazlari (DXM) muhim o‘rin tutadi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP, my.gov.uz) orqali uydan chiqmagan holda ijtimoiy nafaqalar tayinlash, reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash uchun tibbiy ma’lumotnoma olish va boshqa xizmatlardan foydalanish uchun onlayn ariza topshirish mumkin.

2021-yil 1-noyabrdan I va II guruhga mansub nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatishda davlat boji, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlar uchun 50 foizlik chegirma qo‘llanib kelmoqda. Bundan tashqari, I va II guruhga mansub nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar, shuningdek, ularni parvarish qilayotgan fuqarolar davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish huquqiga ega. Ammo nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun davlat xizmatlaridan foydalanish jarayoni qay darajada qulay va imkonli?

Shu savolga javob topish maqsadida 2024-yilning aprel oyida Toshkent shahridagi “Sharoit plyus” nogironligi bo‘lgan shaxslar jamoat birlashmasi (NJB) vakillari tomonidan hududiy davlat xizmatlari markazlarining nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun imkonlilik darajasi monitoringdan o‘tkazildi. Maqsad — Toshkentda istiqomat qiluvchi turli shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatishning bugungi kundagi holatini o‘rganish. Monitoring Yunusobod, Shayxontohur va Chilonzor tumanlaridagi uchta Davlat xizmatlari markazlari (“Yagona darcha” xizmatlari)ni qamrab oldi.

“Sharoit plyus” NJB mutaxassislari tomonidan mazkur markazlarda nogironligi bo‘lgan va harakatchanligi cheklangan shaxslar uchun jismoniy jihatdan qulaylik, axborot va aloqa imkoniyatlari, shuningdek, my.gov.uz portali va uning mobil ilovasidan foydalanish imkoniyatlari o‘rganildi. Qolaversa, “Yagona darcha” xodimlarining turli shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish vaqtida ularga nisbatan munosabati baholandi.

Yunusobodda hech qanday shart-sharoit yo‘q — faqatgina navbatsiz xizmat ko‘rsatish mavjud

Yunusobod tumani DXMda monitoring guruhi jismoniy va muloqot qilish bilan bog‘liq to‘siqlarga duch keldi. Kirish joyida qurilgan pandus SHNQ 2.07.02−22 “Qurilish obyektlarini nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda keksalar ehtiyojini inobatga olgan holda loyihalashtirish” me’yorlariga mos kelmaydi — qiyalik burchagi belgilangan 5 darajalik me’yordan yuqori, pandus sirti sirpanchiq va nogironlar aravachasi foydalanuvchisi binoga mustaqil kira olmaydi.

davlat xizmatlari markazlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, qulay muhit

Yunusobod tuman Davlat xizmatlari markazidagi foydalanishga yaroqsiz pandus.

Eng qizig‘i, nogironligi bo‘lgan odam kimningdir yordami bilan yuqoriga ko‘tarilgan taqdirda ham, u, ta’bir joiz bo‘lsa, “tuzoq"qa tushib qoladi. Markazga kirish eshigining yopiq ayvon shaklida kengaytirilgan qismi pandusdan o‘tish joyini to‘sib qo‘ygan. Bundan kelib chiqadiki, bu yerda “xo‘jako‘rsinga” pandus mavjud, lekin unga mustaqil ko‘tarilish imkonsiz va ko‘tarilgan taqdiringda ham, hech qayerga kirolmaysan.

davlat xizmatlari markazlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, qulay muhit

Shayxontohur tuman DXMga kirish qismidagi pandusning marmar qoplamasi sirpanuvchan sirti tufayli harakatchanligi cheklangan kishilar uchun xavf tug‘dirishi mumkin

“Yunusobod tumanidagi davlat xizmatlari mutaxassisidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida so‘raganimda, bunga javoban ularda hech qanday shart-sharoit yo‘qligi, faqat navbatsiz xizmat ko‘rsatish mavjud ekanini ma’lum qildi. Biroq shundan keyin, II guruh nogironi hisoblanishimga qaramay, meni umumiy navbatga qo‘yishdi”, — deydi monitoring guruhi a’zosi.

Poytaxtdagi ko‘plab davlat xizmatlari markazlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun navbatsiz xizmat ko‘rsatish bo‘yicha plakatlar ilingan. Ularda jismoniy nogironlikning aniq shakllari tasvirlangan. Jamiyatimizda shunday stereotip keng tarqalganki, nogironlikni nogironlar aravachasidagi shaxs sifatida tushuniladi va tasavvur qilinadi. Shu nuqtai nazardan, ko‘pchilik nogironlikning ko‘rinmas shakllari mavjudligini hisobga olmaydi.

Nogironlikning bunday shakllari har doim ham tashqaridan sezilmaydi, biroq inson hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ustuvor xizmat ko‘rsatish haqidagi plakatlarning o‘zi yetarli emas. DXM xodimlari ko‘rinmas shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ham o‘qitilishi lozim.

davlat xizmatlari markazlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, qulay muhit

Shayxontohur DXM kiraverishida nogironligi bo‘lgan shaxslarga ustuvor xizmat ko‘rsatish aks ettirilgan plakat.

“Davlat xizmatlari markazida bo‘lganimda umumiy navbatda 28-o‘rinda ekanligimni aytishdi. Men navbatsiz xizmat ko‘rsatish huquqiga ega ekanligimni aytganimda, xodimlar navbatsiz o‘ta olmasligimni ma’lum qilishdi”, — deydi II guruhga mansub, ko‘rish qobiliyati buzilgan, albinizmga chalingan qiz.

Bunday vaziyatda, albinizmga chalingan qiz erkin harakatlanish va davlat xizmatlari markazi xodimlari bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega. Biroq, unda nogironlik mavjud — uning holati issiq kunda navbatda turishga imkon bermaydi, bu uning salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ko‘rinmas nogironlik eshitish qobiliyati zaif kishilar va karlar, aqliy va ruhiy shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, surunkali kasalliklarga chalingan odamlarda uchrashi mumkin.

“Yanglishmayotgan bo‘lsam, I va II guruhga mansub nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatishda 50 foizlik chegirma mavjud. Biroq, Shayxontohur tumani DXMda bu haqda bila turib, menga aytishmadi”, — deydi II guruhga mansub, eshitish bilan bog‘liq nogironligi bo‘lgan erkak.

Boshqacha aytganda, nogironligi bo‘lgan foydalanuvchilar uchun ustuvor va imtiyozli xizmat ko‘rsatishga taalluqli tartib-taomillardan DXM xodimlarining hammasi ham xabardor emasligi ehtimoli yuqori. Bunday muammolar nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha kadrlarni tizimli o‘qitishning mavjud emasligi tufayli yuzaga kelmoqda.

Yunusobod DXMda, shuningdek, eshitish imkoniyati cheklangan shaxslar bilan muloqotni ta’minlash uchun maxsus surdo-online planshetlar ham mavjud emas edi. Surdo-online dasturi 2020-yil noyabrida sinov tariqasida ishga tushirilgan. U kar va zaif eshituvchi fuqarolarga davlat xizmatlari markazi xodimlari bilan surdo-tarjimon orqali onlayn muloqot qilish imkonini beradi. Bunday muloqotni ta’minlash uchun poytaxtdagi 11 ta DXMga planshetlar o‘rnatilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, surdo-online faoliyati barcha davlat xizmatlari markazlarida tizimli yo‘lga qo‘yilmagan va hozirgi kunda hatto to‘xtatib qo‘yilgan. DXM xodimlarini surdo-online dasturidan foydalanishga o‘rgatish masalasi ham ochiqligicha qolmoqda.

“Surdo-online tizimimiz 2020-yilda AKT vazirligi ko‘magida COVID-19 pandemiyasi davrida ishga tushirilgan edi. Biz bir yillik shartnoma asosida xizmat ko‘rsatdik, shuningdek, boshqa viloyatlardagi davlat xizmatlari markazlariga ham xizmat ko‘rsatishni boshladik. O‘tgan yili qaytadan xizmat ko‘rsatishni boshlagan edik, biroq hozir ishimiz to‘xtagan. Direktor o‘zgardi va endilikda DXM Davlat xizmatlari agentligi tasarrufida. Surdo-online dasturi ishlashda davom etmoqda, biroq biz xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha yangi shartnoma tuzmadik va shu sababli bizga abonent to‘lovi to‘lanmaydi”, — deya tushuntirdi surdo-online dasturiy ta’minotiga nisbatan mualliflik huquqi egasi “TECHNO LAB PRO” MCHJ direktori Go‘zal Rahmatullayeva.

Chilonzorda sharoit bor

“Chilonzor tumani Davlat xizmatlari markazida nogironlar aravachasidan foydalanuvchi, eshitish imkoniyati cheklangan va past bo‘ylilar uchun juda yaxshi imkoniyatlar yaratilgan”, — deya o‘z mulohazasini bo‘lishdi monitoring komissiyasi a’zosi anonim tarzda.

Chilonzor DXMga kiraverishda nogironlar aravachasidan foydalanuvchilar va aholining harakatchanligi cheklangan boshqa toifalari uchun qulay pandus o‘rnatilgan. Pandus 2-§ SHNK 2.07.02−22 ga muvofiq shaharsozlik me’yorlari va qoidalarining asosiy talablariga mos keladi. Bundan tashqari, markazda harakatchanligi cheklangan fuqarolar uchun davlat xizmatlaridan foydalanishda zarur bo‘lgan hollarda nogironlar aravachasi ham mavjud.

davlat xizmatlari markazlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, qulay muhit

Chilonzor tuman Davlat xizmatlari markaziga kiraverishdagi qulay pandus

Markaz xodimlari xushmuomala munosabatda bo‘lib, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan barcha shart-sharoitlarni batafsil tushuntirib berishdi. DXMda eshitish imkoniyati cheklangan shaxslar bilan muloqot qilish uchun surdo-online dasturi o‘rnatilgan. Kutish zali past bo‘yli foydalanuvchilarning ehtiyojlarini inobatga olgan holda mebellar bilan jihozlangan.

davlat xizmatlari markazlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, qulay muhit

Eshitish imkoniyati cheklangan shaxslar bilan surdo-online tizimi orqali muloqot qilish uchun planshet.

Chilonzor DXMda faqatgina aqli zaif va rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan shaxslar uchun oson o‘qiladigan matn formatidagi ma’lumotlar yetishmaydi. Bunday qulay formatning mavjud bo‘lishi muloqotda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari to‘g‘risidagi muhim ma’lumotlarni olish bilan bog‘liq to‘siqlarni bartaraf etishga imkon beradi.

Oson o‘qiladigan matn nafaqat nogironligi bo‘lgan shaxslar, balki keksalar, o‘qish va yozishda nuqsoni bo‘lganlar (masalan, disleksiya), davlat tilini to‘liq bilmaydigan chet elliklar va boshqa toifalar uchun ham foydalanishda qulaylik yaratgan bo‘lur edi.

Adliya vazirligi, Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining davlat xizmatlarini ko‘rsatishni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shma loyihasi ko‘magida jihozlangan Qoraqalpog‘istonning Nukus tumanidagi markaz DXMdan foydalanish imkoniyatini ta’minlashning muvaffaqiyatli namunasi bo‘la oladi.

davlat xizmatlari markazlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, qulay muhit

davlat xizmatlari markazlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, qulay muhit

davlat xizmatlari markazlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, qulay muhit

davlat xizmatlari markazlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, qulay muhit

my.gov.uz saytida raqamli foydalanish imkoniyati bormi?

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali turli shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun raqamli foydalanish imkoniyatini sinchkovlik bilan monitoring qilishga ehtiyoj sezmoqda. OneID tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tish qay darajada qulay va bu tizim orqali ro‘yxatdan o‘tishni qanday soddalashtirish mumkinligi — bu katta savol. Misol uchun, nogironligi bo‘lgan shaxslar aksariyat hollarda suratlardan iborat kod orqali tekshirish (captcha) yordamida avtorizatsiyadan o‘tish bilan bog‘liq muammolarga duch kelishadi.

Bugungi dunyoda raqamli foydalanish imkoniyati “zaif ko‘ruvchilar uchun versiya” yoki “ekran suxandoni"ga ega bo‘lishdan ko‘ra ko‘proq narsani anglatadi. Vizual bo‘lmagan foydalanish imkoniyati, ayniqsa, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi foydalanuvchilar uchun muhim. Masalan, my.gov.uz portalida muqobil matn (alt+text — tasvirlarni so‘z bilan tavsiflash) bilan tavsiflanmagan vizual elementlar bo‘lishi mumkin, bu esa ekranni o‘qish vositalari (iOS'da NVDA, VoiceOver va Android’da TalkBack kabi maxsus dasturlar, bu kompyuter yoki mobil qurilma ekranida sodir bo‘layotgan hamma narsani ovozlashtiradi) yordamida xizmatdan foydalanishni qiyinlashtiradi.

“Boshqaruvdagi yozilmagan elementlar, dinamik o‘zgaruvchan kontent, skrinriderlar e’tiboridan chetda qolmaydigan ko‘plab dekorativ elementlardan foydalanish va standart belgilash — bularning barchasi my.gov.uz veb-portalidan, shuningdek, uning mobil ilovasidan foydalanishni sezilarli darajada murakkablashtiradi. Zaif ko‘ruvchilar uchun versiya yoki „ekran suxandoni“ kabi mavjud funksionallik bu muammolarni hal qilmaydi va menimcha, ortiqcha. Shriftni kattalashtirish, kontrastni yoki ekran suxandonini o‘zgartirish — bularning barchasi ommalashgan operatsion tizimlarning barchasida allaqachon o‘rnatilgan bo‘lib, mavjud ekranga kirish dasturlari kontentni yetarli darajada tanib olishi va o‘qishi uchun foydalanuvchi interfeysini qayta ishlash kerak xolos”, — deya o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi monitoring guruhining ko‘rish imkoniyati cheklangan II guruhga mansub nogironligi bo‘lgan a’zolaridan biri.

Raqamli foydalanish imkoniyatini ta’minlash uchun velosipedni qayta ixtiro qilishga hojat yo‘q. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun veb-kontentdan foydalanish imkoniyatini ta’minlovchi global standart ishlab chiqilgan — Web Content Accessibility Guidelines (WCAG) 2.2. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun veb-kontentdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash bo‘yicha ushbu qo‘llanmadan ko‘rish, eshitish bilan bog‘liq nuqsonlar, jismoniy cheklovlar, nutqdagi nuqson, kognitiv va nevrologik buzilishlar kabi turli xil nogironligi bo‘lgan foydalanuvchilar uchun veb-saytlar va ilovalarni yanada qulayroq qilish bo‘yicha batafsil tavsiyalar o‘rin olgan. Afsuski, WCAG 2.2 global standarti O‘zbekistonda ommalashmayapti va shuning uchun hali ham qonunchilik darajasida tan olinmagan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona standarti

Qulay davlat xizmatlarini taqdim etish nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyatga faol integratsiya bo‘lishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Davlat xizmatlari barcha fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy hayotda to‘laqonli ishtirokini ta’minlash uchun nihoyatda zarur. Davlat tomonidan kafolatlangan xizmatlarni olishda nogironlik, harakatchanlikning cheklanganligi yoki boshqa omillar asosidagi har qanday kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik muhim ahamiyatga ega.

O‘tkazilgan boshlang‘ich monitoring turli shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlarning kuchli va zaif tomonlari ko‘rsatib berdi. Ikki muassasa jismoniy imkoniyati va harakatchanligi cheklangan shaxslarning harakatlanishi uchun to‘liq moslashtirilmagan. Davlat xizmatlari markazlaridan foydalanish imkoniyati to‘g‘risida to‘liq tasavvurga ega bo‘lish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida DXM bino va tuzilmalarini sinchiklab monitoring va ekspertizadan o‘tkazish zarur.

Birgina poytaxtning o‘zida monitoring uchun tanlab olingan uchta DXMning foydalanish imkoniyati darajasi bir-biridan tubdan farq qilmoqda. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi bunday nomuvofiqlik nogironligi bo‘lgan shaxslar va harakatchanligi cheklangan shaxslar uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatishning standartlashtirilmaganligi natijasidir. Shuningdek, “yagona darcha” xodimlarini nogironlikni ijtimoiy model nuqtai nazaridan tushunish va ular bilan to‘g‘ri muloqot qilish bo‘yicha o‘qitishda, shuningdek, obyektlar va xizmatlarni tashkil etish va ularning foydalanishga qulayligini ta’minlash bilan bog‘liq boshqa masalalarda yagona yondashuvning yetishmayotganligi seziladi.

Ekspertlar guruhi tomonidan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish” davlat standartining dastlabki versiyasi ishlab chiqildi. Hujjat to‘qqiz bo‘limdan iborat bo‘lib, binolar, axborot va muloqot vositalaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlashning asosiy talablari, shartlari va shakllari, nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda etiket va muomala to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Standart xalqaro tajribani hisobga olgan holda va O‘zbekistonda qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq tayyorlangan.

Masalan, ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda obyekt va davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash ishlarini tashkil etish va muassasa xodimlariga ko‘rsatmalar berish uchun mas’ul xodim yollanadi. Bunday xodimning xizmat vazifalari (ingliz tilida: “access/accessibility officer”) alohida ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Davlat muassasalari ko‘rsatilayotgan xizmatlarni muntazam monitoring qilib borish va mustaqil baholanishini ta’minlash maqsadida nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlari bilan faol hamkorlik qiladi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar jamoat birlashmalari davlat muassasalari xodimlarini o‘qitishni tashkil etadi.

Respublika bo‘yicha davlat xizmatlari markazlari tomonidan yagona standartning qabul qilinishi va qo‘llanilishi turli shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatishdagi mavjud tarqoqlikka barham berish imkonini bergan bo‘lardi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona standartiga rioya qilish, shuningdek, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi qonun talablariga, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan 2021-yil 7-iyunda ratifikatsiya qilingan “Nogironlarning huquqlari to‘g‘risidagi” BMT Konvensiyasi tamoyillari va qoidalariga rioya etilishini ta’minlaydi. Konvensiyaga muvofiq, nogironligi bo‘lgan shaxslar hayotiy faoliyatining barcha jabhalarida o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda teng imkoniyatlarga, shu jumladan, o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun barcha zarur xizmatlarni olish huquqiga ega bo‘lishi lozim.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.