24-aprel kuni Vazirlar Mahkamasining “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlarini autsorsing asosida xususiy sektor tomonidan amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror “umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga xususiy sektor korxonalarini keng jalb qilish uchun sharoit yaratish hamda avtomobil yo‘llari sohasida autsorsing tizimini keng joriy etish maqsadida” qabul qilingan.

Unga ko‘ra, prezidentining “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-330-son qarori bilan tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda uzunligi 20 kilometrgacha bo‘lgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektorni jalb qilish belgilangan hamda loyihalar ro‘yxati tasdiqlangan.

Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2024-yil 1-maydan boshlab tajriba-sinov tariqasida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektorni jalb qilish loyihalari bo‘yicha e’lonlarni davlat xaridlarining maxsus axborot portali hamda ommaviy axborot vositalariga, shuningdek, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.

Transport vazirligi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan tajriba-sinov natijalariga ko‘ra ijobiy ko‘rsatkichlarga erishilgan taqdirda, 2025-yil 1-dekabrga qadar keyingi yillar uchun autsorsing asosida ekspluatatsiya qilinadigan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini autsorsing asosida ekspluatatsiya qilish ishlari 2024-yil 1-maydan boshlab davlat budjetidan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, ekspluatatsiya qilish hamda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish va ularning oldini olish ishlariga ajratilgan mablag‘lar doirasida asoslantirilgan hisob-kitoblarga muvofiq moliyalashtiriladi.

Transport vazirligi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Toshkent davlat transport universitetida yo‘l xo‘jaligi xodimlari, shu jumladan, xususiy sektor vakillari uchun “Avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish” yo‘nalishida malaka oshirish va kasbiy qayta tayyorlash dasturi bo‘yicha alohida o‘quv kurslarini tashkil etadi.

Bunda avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilishni tashkil etishning umumiy tamoyillari, avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash ishlarini tashkil etish, avtomobil yo‘llarini obodonlashtirish va jihozlashda eng ilg‘or texnologiyalarni va zamonaviy usullarni tanlash, avtomobil yo‘llari holatini monitoring qilish va baholash, ekspluatatsiya qilish xarajatlari smetasini hisoblash, eng maqbul texnologiyalarni tanlash, sifat menejmentini joriy qilish bo‘yicha o‘quv modullari inobatga olinadi.

Autsorser davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq eng yaxshi takliflarning davlat xaridlari elektron tizimi orqali amalga oshiriladigan tanlash (keyingi o‘rinlarda — tanlash) yoki tender savdolari asosida aniqlanadi.

Talabgorlar quyidagi holatlarda tanlash yoki tender savdolarida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • yo‘l qurilish-ta’mirlash yo‘nalishida uch yildan kam tajribaga ega bo‘lgan tashkilotlar;
  • ta’sis hujjatlari, moliyaviy qatnashish, xolding shaklida va boshqa shakllarda ifodalangan bir-biri bilan bevosita tashkiliy-huquqiy bog‘liq bo‘lgan tashkilotlar;
  • buyurtmachi rahbar xodimlarining yaqin qarindoshlari ta’sisligida tashkil etilgan tashkilotlar;
  • xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisining rahbari yoki ta’sischisi buyurtmachi va uning rahbarlariga nisbatan bevosita bog‘liq bo‘lsa yoxud ulardan birortasi ushbu tashkilotning ta’sischisi yoki rahbari hisoblansa;
  • talabgor davlat xaridlari to‘g‘risidagi maxsus axborot portalining insofsiz ishtirokchilari yagona reyestriga kiritilgan bo‘lsa;
  • shartnomani bajarish uchun zarur texnik, moliyaviy, moddiy, kadrlar resurslari hamda boshqa resurslarning mavjud emasligi;
  • soliqlar, yig‘imlar hamda kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlikning mavjudligi;
  • o‘ziga nisbatan joriy etilgan to‘lovga qobiliyatsizlik tartib taomillarining mavjudligi;
  • talabgorning oldingi yo‘l-qurilish obyektlari bo‘yicha bajarilmay qolgan majburiyatlari bo‘lgan taqdirda.

Avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning sifatiga autsorser javobgar hisoblanadi.