20-martdan boshlab tadbirkorlar O‘zbekistonga lift olib kirishda muammolarga duch kela boshladi. Ularning tovarlari bojxona chegarasidan o‘tkazilmayapti. Tadbirkorlar bunga avvalroq berilgan muvofiqlik sertifikatlarining qaytarib olingani sabab bo‘layotganini ta’kidlamoqda, deb yozdi Kun.uz.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yil 20-martdan keyin O‘zbekistonga 17 ta lift yetkazib beruvchi korxonaning muvofiqlik sertifikatlari vaqtinchalik to‘xtatilgan. Ular orasida Finlyandiyaning KONE, Shveysariyaning Schindler, Yaponiyaning Sharp, Britaniyaning P&P va boshqa liftlarni mamlakatga olib kiruvchilar bor.

Nashr bilan bog‘langan tadbirkorlarning aytishicha, bu holat barcha importyorlarda kuzatilmoqda.

Xitoyning Fuji brendi ostidagi liftlarning O‘zbekistondagi rasmiy dileri Lifton kompaniyasi direktori o‘rinbosari Olimjon Alimovning ma’lum qilishicha, 2023-yil avgust oyida mas’ul idoralar o‘z liftlarini mamlakatga yetkazib beruvchi Xitoy kompaniyalariga uch yillik muvofiqlik sertifikati bergan.

“Hozirda biz Xitoyning Zhejiang Huaxia Elevator kompaniyasining Fuji markali liftlarini O‘zbekistonga olib kelish, o‘rnatish va ularga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanyapmiz. 2023-yilning avgust oyida importga qo‘shimcha cheklovlar joriy qilindi, ya’ni sifatsiz mahsulotlarning O‘zbekiston ichki bozoriga kirishining oldi olindi. Bu vaziyatda biz O‘zbekiston hududiga faqat muvofiqlik sertifikati bilangina mahsulot olib kirishimiz mumkin bo‘lib qoldi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi mutaxassislari ishlab chiqaruvchining Xitoydagi zavodiga tashrif buyurib, barcha tekshiruvlardan, jumladan, lift laboratoriyasi, ishlab chiqarish va mahsulotlarni tekshirish jarayonlaridan so‘ng sertifikatlar bergan.

“Shundan keyin hozirgi kungacha faoliyatimiz davomida hech qanaqa to‘siqlar bo‘lgani yo‘q, O‘zbekistonga [lift] olib kelishda davom etayotgandik. Bizni qiynayotgan muammo chetdan kirib kelayotgan mahsulotlarimizning bojxonada to‘xtatilayotgani va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmayotganida. Sababini so‘raganimizda muvofiqlik sertifikatlarimiz bekor qilinganini aytishdi, vaholanki, bu sertifikatlar 3 yilga amal qiladi, albatta, har yili qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazish sharti bilan”, — dedi u.

Yana bir importchi Olimjon Rahimovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni import liftlari bo‘yicha talablarni kuchaytirgani yaxshi, ammo hukumat o‘zi bergan sertifikatlarni asosli izoh ko‘rsatmagan holda to‘xtatib qo‘ygani tushunarsiz holat bo‘lyapti.

“15 yildan oshiqroq tajribaga egamiz. Mutaxassislarimiz xalqaro kompaniyalarda ishlab kelgan. Yaqinda investor jalb qilish uchun Xitoyga borgandim, qaytib kelganimda bojxonada rasmiylashtirish jarayonini boshladik. Birinchi deklaratsiya jo‘natganimizda, „Sizda muvofiqlik sertifikati yo‘q“ degan xat keldi. Biz hamma qatori O‘zbekiston standartlariga mos ravishda o‘tgan yili avgust oyida Xitoyda „Sanoat xavfsizligi“ mas’ullari bilan barcha liftlarimizni tekshirtirib kelganmiz. O‘zbekiston normativiga mos liftlarni olib kira boshlaganmiz. Bu talab to‘g‘ri deb o‘ylayman, chunki O‘zbekistonning talablari kuchliroq, men shunday liftlar olib kirilishi tarafdoriman”, — dedi u.

Tadbirkor Xitoydan kelganidan so‘ng bojxona orqali muvofiqlik sertifikati bekor qilinganidan xabar topgan.

“Xitoydan kelganimdan keyin bojxonaga telefon qilsam, sizning muvofiqlik sertifikatingiz bekor qilingan deyishdi. Hayron bo‘ldim, bu sertifikat menga emas, men import qiladigan kompaniyaga berilgan. Agentlikka murojaat qildim, lekin javob ololmadim, bir necha marta eshigining tagidan qaytib keldim. Zavodimizga ham asosli javob berilmadi”, — deydi Olimjon Rahimov.

Delfar Fuji Cn lift importchisi Davron Boymirzayevning aytishicha, Xitoydagi kompaniyalar muvofiqlik sertifikatini olish uchun katta pul to‘lagan.

“Xitoyliklarning aytishicha, O‘zbekistondan boshqa davlatlar ham bunday talablar qo‘ygan, ammo eng qimmat sertifikat O‘zbekistonniki ekan. Xitoy kompaniyalari har bir muvofiqlik sertifikati uchun 54 ming dollar to‘lab berishgan. Kompaniyalar bu pullarni to‘liq to‘lab berib, muvofiqlik sertifikatini olishgan. Biz uchun ham, Xitoy kompaniyalari uchun ham kecha berilgan sertifikatlarning bugun bekor qilinishi tushunarsiz holat bo‘lyapti. Bu nafaqat ichki, balki xalqaro muammoga ham aylanyapti. Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonga „shu muammoni yechib beringlar“ deb chiqishi yoki to‘lagan pullarini qaytarib berishni talab qilishi mumkin”, — dedi u.

Tadbirkorlar yangi shartnomalarni bekor qilishga majbur bo‘lmoqda. Ularning ta’kidlashicha, qurilish kompaniyalari liftlar o‘rnatilmaguncha uylarni sota olmaydi. Shunday qilib, sertifikatlar amal qilishining to‘xtatib qo‘yilishi nafaqat import qiluvchilar, balki qurilish kompaniyalari uchun ham muammo tug‘dirmoqda.

Olimjon Rahimov O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi bo‘lgan sarmoyadorlardan birida ushbu voqeadan keyin ikkilanib qolganini ta’kidladi.

“Top-10 talikka kirgan sharq brendini O‘zbekistonga jalb qilish uchun anchadan beri muzokara olib borayotgandim. Investorimiz rozi bo‘lgandi, endi ishlash jarayoni ketayotgandi. Bu gaplarni eshitib, investorning hafsalasi pir bo‘ldi. „Sizlarda shunday holatlar kuzatilsa, men sarflagan pullarimni qanday chiqaraman“, — deb o‘ylanib qoldi”, — deydi tadbirkor.

Uning fikricha, kompaniyalar raqobatga bardosh bera olishlari kerak.

“Agar savdoni, importni cheklashsa, raqobat bo‘lmaydi. Zarar quruvchiga, undan xalqqa boradi. Raqobat yo‘qligi narxlarni qimmatlashtiradi. Biz ochiq-oydin raqobatni xohlaymiz. Hozir bitta ishlab chiqaruvchi lift yoki eskalator bo‘yicha savdoni cheklasa, boshqa investorlar ham bu yerda ishlash borasida o‘ylanib qoladi. Importni to‘xtatish xato”, — dedi Olimjon Rahimov.

Davlat idoralari nima deydi?

Tog‘-kon geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasining Kun.uz so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, liftlarga beriladigan muvofiqlik sertifikatlari hukumat topshirig‘i bilan vaqtincha to‘xtatilgan.

Inspeksiyaning tushuntirishicha, O‘zbekistonda liftlar Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-noyabrdagi 602-sonli va 2017-yil 6-oktabrdagi “Liftlarning xavfsizligi to‘g‘risida”gi 801-sonli qarorlari bilan tasdiqlangan umumiy texnik reglament talablariga muvofiq tartibga solinadi.

“Mahsulotlarni sertifikatlash qoidalariga” muvofiq, liftlarni sertifikatlash uchun uch xil sxema qo‘llanadi.

Ulardan biri 3-sxema bo‘lib, mahsulotni seriyali ishlab chiqarish uchun sertifikatsiyalashda qo‘llanadi, majburiy ko‘rsatkichlarni tekshirish uchun mahsulotni akkreditatlangan sinov laboratoriyasida sinash va ishlab chiqarishni baholashni nazarda tutadi. Mazkur chizma inspeksiya nazoratidan o‘tkazishni ham nazarda tutadi va sertifikat 3 yil muddatga beriladi.

Xabar berilishicha, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan liftlarni sertifikatsiyalash yo‘nalishini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlar o‘rganilib, takliflar tayyorlangan. Hukumat topshirig‘i bilan shu takliflar asosida “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida muayyan vaqt mobaynida inspeksion o‘rganishlar olib boradi.

“O‘rganishlar natijalari yakunlangach, sertifikatlash bo‘yicha „Sanoat xavfsizligi“ davlat muassasasi o‘z faoliyatini odatiy tarzda davom ettiradi”, — deyiladi inspeksiya matbuot xizmati xabarida.

Nega tadbirkorlar bu o‘zgarish haqida oldindan ogohlantirilmagan, degan savolga inspeksiya javob bermadi.

2021-yil yanvar oyida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi ko‘p qavatli uylardagi lift uskunalarini ta’mirlash va yangilash loyihasi bo‘yicha bosh pudratchi sifatida “Texnopark” kompaniyasini tanlashni taklif qilgandi, lekin hukumat qarorida pudratchilarni tender yoki tanlov orqali aniqlash bo‘yicha ko‘rsatma berilgandi. O‘shanda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bitta kompaniyaga eksklyuziv huquqlar berishiga qarshi chiqqan.