25-aprel kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deya xabar berdi regulyator matbuot xizmati.

“Iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarga fundamental monetar omillar ta’siri bosqichma-bosqich kamayib bormoqda. Shu bilan birga, joriy yil 1-maydan ayrim tartibga solinadigan tariflarning erkinlashtirilishi umumiy inflyatsiyaga bir martalik ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, — deya qayd etgan Markaziy bank.

Inflyatsiyaning yangilangan prognoz koridorining yuqori chegaralariga nisbatan ham joriy pul-kredit sharoitlari nisbatan qat’iy fazada shakllanganini inobatga olib asosiy stavka o‘zgarishsiz saqlab qolinmoqda.

Umumiy inflyatsiya yil boshidan pasayishda davom etib, mart oyida yillik 8 foizni tashkil etdi. Bunda oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasida sezilarli pasayish kuzatildi. Tashqi oziq-ovqat bozorlaridagi narxlar dinamikasi import inflyatsiyasiga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatdi. Iqtisodiyotda yuqori talabning saqlanib qolayotgani hamda ayrim tartibga solinadigan narxlar va tariflarning oshirilishi sharoitida xizmatlar inflyatsiyasi so‘nggi oylar davomida barqaror o‘sib bormoqda.

Regulyatorga ko‘ra, bazaviy inflyatsiya sezilarli sekinlashib, mart oyida yillik 7,6 foiz va yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasidan pastroq shakllandi. Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari inflyatsiyaning joriy va prognoz darajasidan yuqoriligicha qolmoqda. Shu bilan birga, tartibga solinadigan narxlarning to‘g‘rilanishi va aprel oyidan bir qator tovar va xizmatlarga QQS joriy etilishi ta’sirida inflyatsion kutilmalar dinamikasi yuqorilashi mumkin.

Yuqoridagi omillarni hisobga olib yangilangan makroiqtisodiy prognozlarga ko‘ra, asosiy ssenariy bo‘yicha 2024-yilda umumiy inflyatsiya prognozi 9−11 foizgacha oshirilgan (avval 8−9 foiz edi).

Prognoz koridorining nisbatan kengligi, tariflar oshirilishi munosabati bilan aholiga taqdim etiladigan bir martalik to‘lovlar, ijtimoiy norma va ikki oylik imtiyozli davr mazkur o‘zgarishlar ta’sirini yumshatish imkonini berishi hamda hozirgi paytda ushbu o‘zgarishlarning aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalariga ta’sirini baholash murakkabligi bilan izohlangan.

Bazaviy inflyatsiyaning barqaror pasayish trayektoriyasida qolishi bo‘yicha mustahkam kutilmalar shakllanib, yil yakunida 7−8 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Umumiy inflyatsiya prognozini yangilanishi tartibga solinadigan narxlar oshishining pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarida keltirilgan makroiqtisodiy prognozlarida inobatga olingan dastlabki darajasidan yuqoriroq bo‘lishi bilan bog‘liq ekani aytilgan.

“Biroq ushbu o‘zgarishlarning iqtisodiyotdagi narxlarga ta’siri bir martalik xarakterga ega bo‘lib, iste’mol talabini ma’lum darajada pasaytirishi orqali o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning pasayuvchi trendiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi”, — deya qayd etgan regulyator.

Hukumat tomonidan iqtisodiyotda yalpi taklifni oshirishga va inflyatsiyani pasaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, uzoq muddat davomidagi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining yig‘ilgan ta’sirlari inflyatsion jarayonlarni jilovlashga xizmat qilishi ta’kidlangan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilning birinchi choragida iqtisodiyotning o‘sish sur’ati 6,2 foizgacha tezlashdi. Xizmat ko‘rsatish, chakana savdo aylanmasi va qurilish sohalaridagi yuqori o‘sish sur’atlari, shuningdek, ishlab chiqarish va tog‘-kon sanoati sohalarida investitsion faollikning oshishi kuzatildi.

Mehnat bozorida ishchi kuchiga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshib bormoqda. Biroq ishchi kuchi taklifida ma’lum segmentatsiya mavjud bo‘lib, yuqori malakali sohalarda talabning to‘liq qondirilmayotganligi kuzatilmoqda. Bu esa tegishli sohalarda ish haqlarining yuqoriroq o‘sishiga olib kelmoqda.

“So‘mning real almashuv kursi dinamikasi yil boshidan 0,9 foizga qadrsizlanib, uzoq muddatli trendi doirasida shakllandi. Tashqi savdo hamkorlar milliy valyutalari kurslari va inflyatsiyalari bo‘yicha prognozlarni inobatga olganda real almashuv kursiga nisbatan bosimlar kuzatilmayapti”, — deyiladi Markaziy bank bayonotida.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, YAIM o‘sishi yil yakuniga 5,2−5,7 foiz oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda. Iqtisodiy o‘sishning yangilangan prognozi aholi va tadbirkorlik subyektlari xarajatlaridagi tarkibiy o‘zgarishlar hisobiga kelgusida iste’mol talabining ma’lum ma’noda maqbullashishi bilan bog‘liq. Ayni paytda, xususiy investitsiyalarda yuqori faollik, fiskal rag‘batlantirishlar va aholi daromadlarining o‘suvchi dinamikasi o‘tgan yillardagi kabi 2024-yilda ham iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi omillardan bo‘lishi aytilmoqda.

“Amaldagi pul-kredit sharoitlarining qat’iylik darajasi, ijobiy real bozor stavkalarini ta’minlash orqali iqtisodiyotda kreditlash hajmlarining bosqichma-bosqich mo‘’tadillasha boshlagani va depozitlar o‘sishining tezlashishida namoyon bo‘lmoqda. Kelgusi choraklarda bank tizimining umumiy likvidligi tarkibiy profitsit sharoitidan bosqichma-bosqich tarkibiy defitsit fazasiga o‘ta boshlashi va mazkur tarkibiy o‘zgarishlar pul-kredit operatsiyalari orqali to‘g‘rilanib borishi kutilmoqda”, — deya qayd etgan regulyator.

Inflyatsiya prognozining yuqori chegaralarida ham kutilayotgan pul-kredit sharoitlari inflyatsiyaga monetar omillar ta’sirini cheklovchi va milliy valyutada jamg‘arishni rag‘batlantiruvchi xususiyatlari saqlanib qoladi.

Ayni paytda, bazaviy inflyatsiyaning prognoziga erishish bo‘yicha xatarlar kuchayib, kelgusi davrlarda aholining inflyatsion kutilmalarida sezilarli o‘sish kuzatilgan taqdirda pul-kredit sharoitlarini o‘zgartirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.

“Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qat’iy pul-kredit siyosatini amalga oshirishda iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyatsion kutilmalar va tarkibiy islohotlar sur’atlariga alohida e’tibor qaratadi”, — deyiladi Markaziy bank bayonotida.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024-yil 13-iyunga belgilangan.

Regulyator so‘nggi marta asosiy stavkani 2023-yilning 17-martida 15 foizdan 14 foizgacha pasaytirgan va shundan buyon o‘zgarishsiz qoldirib kelmoqda.