Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Payariq tumanida maktab o‘quvchisi o‘ziga begona xonadonda doimiy tazyiq ostida yashashi haqida xabarlar tarqaldi. Bolalar ombudsmani mazkur holatni o‘z nazoratiga olganini ma’lum qildi.

Tarmoqdagi xabarda aytilishicha, U.F. ismli qiz (2009-yilda tug‘ilgan, 7-sinf o‘quvchisi) asrab olingan, ammo u maktab direktorining uyida yashaydi — o‘gay onasi direktorning o‘g‘li va keliniga 150 dollar berib, qizni tashlab ketgan.

Ombudsman 19-aprel kuni qizcha maktabga qo‘li ko‘kargan holda kelganini yozdi. Bundan xabar topgan qizning sinfdoshlari bu haqda ingliz tili o‘qituvchisiga aytgan, ammo u bolaga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik yuzasidan tegishli ravishda xabar bermagan va bu borada chora ko‘rmagan, deyiladi xabarda.

Hozirda Payariq tumani IIB tomonidan holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Vaziyat kompleks ravishda tuman prokuraturasi, maktab inspektor-psixologi va tumanning “Inson” ijtimoiy himoya markazi xodimlari tomonidan o‘rganilmoqda.