Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan respublikadagi modernizm davri binolari madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritiladi. Bu haqda jamg‘arma matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga xabar qildi.

Hukumatning 22-apreldagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

U O‘zbekiston xalqining milliy boyligi hisoblangan modernizm davri moddiy madaniy merosini muhofaza qilish, asrab-avaylash va ulardan foydalanish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, yodgorliklarni tizimlashtirish, ro‘yxatini tuzish, ularning tarixiyligini saqlash hamda ularning ahamiyatini oshirish maqsadida qabul qilingan.

Hujjat bilan Moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlarining milliy ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi. Birinchi bosqichda 10 ta yangi obyekt (qoraytirib ko‘rsatilganlar) ro‘yxatga kiritilib, 10 ta obyektning maqomi o‘zgartiriladi (endi ular ham modernizm obyekti hisoblanadi):

  • Quyosh instituti (1981−1987-yillar, davlat mulki);
  • Toshkent davlat sirki (1976-yil, davlat mulki);
  • Toshkent teleminorasi (1980-yil, davlat mulki);
  • “Xalqlar do‘stligi” saroyi (1981-yil, davlat mulki);
  • Alisher Navoiy nomidagi san’at saroyi (1964-yil, davlat mulki);
  • “Marvarid” (Jemchug) turar-joy majmuasi (1980-yillar boshlari, xususiy mulk);
  • Rassomlar uyushmasining ko‘rgazma pavilioni (1970 — 1974-yillar, davlat mulki);
  • “O‘zbekiston” mehmonxonasi (1963−1974-yillar, xususiy mulk);
  • “Shodlik” mehmonxonasi (1969−1975-yillar, xususiy mulk), shu jumladan “Ilhom” teatri binosi;
  • Residence Park mehmonxonasi (1975-yil, davlat mulki);
  • Davlat san’at muzeyi (1967−1974-yillar, davlat mulki);
  • O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi (1970-yil, davlat mulki);
  • O‘zbekiston amaliy san’at muzeyi (XIX asr, davlat mulki);
  • Toshkent telemarkazi binosi (1972−1977-yillar, davlat mulki);
  • “Turkiston” konsert zali va uning yozgi maydoni (1976−1993-yillar, davlat mulki);
  • Aviasozlar saroyi (1976−1980-yillar, davlat mulki);
  • “Kosmonavtlar” metro bekati (1972-yil, davlat mulki);
  • “Eski Juva” bozorining moviy gumbazlari (1950-yil, davlat mulki);
  • “Moviy gumbazlar” kafesi (1970-yil, davlat mulki);
  • Ko‘krak jarrohligi ilmiy-tadqiqot instituti (1975-yil, davlat mulki).

Jamg‘arma, shuningdek, yuqorida qayd etilgan modernizm davri binolari YUNESKO Butunjahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritish nomzodnomasini tayyorlanayotganini qo‘shimcha qildi.

“O‘zbekiston” mehmonxonasi. Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.“O‘zbekiston” mehmonxonasi. Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.

Quyosh instituti. Foto: Oqil G‘ulomov / O‘zA.Quyosh instituti. Foto: Oqil G‘ulomov / O‘zA.

“Eski Juva” bozori. Foto: Abdullo Yodgorov / “Gazeta.uz”.“Eski Juva” bozori. Foto: Abdullo Yodgorov / “Gazeta.uz”.

Endilikda mazkur qaror asosida Madaniy meros agentligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda modernizm davri obyektlarini belgilangan tartibda davlat kadastriga kiritish choralarini ishlab chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, mart oyi oxirida hukumat qarori bilan Toshkent shahri va viloyatlar binolaridagi 160 ga yaqin mozaik pannolar Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgandi.