Rossiyaning raketa zarbalari oqibatida Ukraina deyarli barcha issiqlik energiyasi ishlab chiqarish obyektlarini yo‘qotdi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 17-aprel kuni Yevropa kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.

“Rossiya bizdagi issiqlik energiyasi ishlab chiqarish obyektlarining deyarli barchasini yo‘q qildi. To‘g‘onlar va GES uskunalari, shuningdek, gaz infratuzilmasi ham terrorchilar tomonidan hujumga uchramoqda”, — dedi Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina rasmiylari atom elektr stansiyalari va tarqatish tarmoqlari infratuzilmasi hujumlar tahdidi ostida ekanini istisno qilmayapti. “Rossiya radiatsiyaviy shantajdan voz kechmayapti va, xususan, Zaporoje AES xavfsizligi bilan shafqatsizlarcha o‘ynashishda davom etmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Zelenskiy yana G‘arbdagi ittifoqchilarni Ukrainani havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari bilan ta’minlashga chaqirdi: “Buni faqat havo mudofaasi — Patriot, Iris-T, Samp-T, Nasams kabi maxsus tizimlar to‘xtatishi mumkin. Sizda mavjud bo‘lgan tizimlar. Ular Ukrainaga hozir kerak — Putin terrorchilik usullaridan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun”, — dedi u.

Rossiya qo‘shinlari mart oyida Ukrainaning energetika infratuzilmasini o‘qqa tutishni tikladi. Xarkov viloyatiga zarbalar Zmiyevskaya IESga jiddiy zarar yetkazdi. 11-aprel kuni hujum oqibatida Kiyev, Cherkassi va Jitomir viloyatlarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi eng yirik Tripole IES vayron qilindi.

Zelenskiy Tripole IESning vayron qilinishini Ukrainada Rossiya hujumini qaytarish uchun havo hujumidan mudofaa snaryadlari tugab qolgani bilan izohladi. “Men sizga juda oddiy misol keltiraman — Tripole stansiyasi, Kiyev viloyatining yoritilishi unga bog‘liq. 11 ta raketa uchayotgan edi, biz birinchi yettitasini yo‘q qildik, to‘rttasi Tripoleni vayron qildi. Nega? Chunki bizda 0 ta raketa bor edi, Tripoleni himoya qilgan barcha raketalar tugagandi”, — dedi Ukraina prezidenti.

CNN avvalroq Rossiya so‘nggi haftalarda Ukraina energetika obyektlarini o‘qqa tutishning yangi taktikasini qo‘llay boshlaganini yozgan edi. Bu cheklangan miqdordagi nishonlarga qarshi ommaviy zarbalardan iborat. Hujumlar vaqti ham o‘zgargan — avvalgidek qishda emas, bahorda, deb ta’kidladi telekanal. Buning sabablaridan biri shundaki, Rossiya Ukraina elektr stansiyalari havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan kamroq himoyalangan vaqt kelishini kutgan.

Ukraina qurolli kuchlari AQSh yordami kechikayotgani sababli o‘q-dorilarning keskin tanqisligini boshdan kechirmoqda. Uni ajratish uchun Amerika Kongressidagi har ikki palataning roziligi kerak, biroq o‘tgan yilning dekabr oyidan beri qonunchilar Kiyevni moliyalashtirish paketi bo‘yicha kelisha olmayapti.